Asosiy materiallarga o‘tish

MUQADDAS KITOB HAYOTNI O‘ZGARTIRA OLADI

Kalomga asoslangan aniq va mantiqiy javoblardan lol qoldim

Kalomga asoslangan aniq va mantiqiy javoblardan lol qoldim
  • TUG‘ILGAN YILI: 1948

  • MAMLAKATI: VENGRIYA

  • O‘TMISHDA: HAYOTNING MAZMUNI HAQIDAGI SAVOLLARGA JAVOBLAR IZLAGAN

OLDINLARI:

Men Vengriyaning Sekeshfexervar shahrida tug‘ilganman. Bu qadimiy shahar bo‘lib, uning tarixi ber necha ming yilni o‘z ichiga oladi. Afsuski, Ikkinchi jahon urushi bu shaharda qoldirgan asoratlar hali-hanuz esimda.

Bolalik davrimdan boshlab meni bobom bilan buvim katta qilishgan. Ularni, ayniqsa, buvijonim Elizabetni shirin xotiralar bilan eslab turaman. Buvijonim menga Xudoga bo‘lgan kuchli imonni payvand qilgan. Uch yoshligimdan boshlab buvijonimning ortidan namunali ibodatni takrorlardim. Lekin deyarli o‘ttiz yoshimgacha bu ibodatning ma’nosini tushunmasdim.

Bolaligimning ilk yillarida bobom va buvim menga g‘amxo‘rlik qilishdi. Chunki ota-onam uy olish niyatida tun-u kun ishlardi. Lekin ikki haftada bir marta, shanba kunlari, butun oila bo‘lib birga ovqatlanardik. Men bu paytlarni juda yoqtirardim.

1958-yili ota-onamning orzusi ro‘yobga chiqdi: ular uy sotib olishga muvaffaq bo‘lishdi. Men judayam baxtli edim. Nihoyat, ota-onam bilan birga yashaydigan bo‘ldim. Lekin quvonchim uzoqqa cho‘zilmadi. Yarim yildan keyin otam saraton kasalligidan vafot etdi.

Qalbim tilka-pora bo‘lgandi. Xudoga shunday ibodat qilganim haligacha esimda: «Xudo, sendan otamni saqlab qolishni so‘ragandim-ku! Men unga muhtojman. Nega ibodatlarimga javob bermading?» Otam qayerdaligini bilishni judayam istardim. «U hozir osmondami yoki butunlayin yo‘q bo‘lib ketdimi» deb o‘ylab qolardim. Dadasi bor bolalarga hasad qilardim.

Ko‘p yillar davomida deyarli har kuni qabristonga borardim. Dadamning qabri yonida cho‘kkalab, shunday ibodat qilardim: «Yolvoraman, Xudoyim, dadam qayerda ekanini bilishimga yordam ber. Hayotning mazmunini ham tushunishimga yordam ber».

O‘n uch yoshimda nemis tilini o‘rganishga qaror qildim. Nemis adabiyoti turli-tuman va juda boy bo‘lgani uchun, ehtimol, undan savollarimga javob topa olaman, deb o‘yladim. 1967-yili o‘sha paytlari sharqiy Germaniyaning bir qismi hisoblangan Yena shahrida o‘qiy boshladim. Men nemis faylasuflarining, ayniqsa, inson nega yashayotgani borasida yozganlarning kitoblarini ishtiyoq bilan o‘qirdim. Ba’zi fikrlar menga yoqdi, ammo ularning hech biridan savollarimga qoniqarli javob topa olmadim. Shu bois ibodat qilishda davom etdim.

MUQADDAS KITOB HAYOTIMNI O‘ZGARTIRDI:

1970-yili Vengriyaga qaytdim. U yerda bo‘lajak rafiqam Rozani uchratdim. O‘sha davrida Vengriyada kommunistlar boshqarardi. Turmush qurganimizdan ko‘p o‘tmay, Roza bilan Avstriyaga ko‘chib o‘tishga majbur bo‘ldik. Lekin keyinchalik Avstraliyaning Sidney shahriga ko‘chib o‘tdik. U yerda tog‘am yashardi.

Avstraliyada tezda ish topdim. Bir kuni hamkasbim barcha savollarimga Muqaddas Kitobdan javob topishim mumkinligini aytdi. U menga Muqaddas Kitob ta’limotlari tushuntirilgan bir nechta kitobni berdi. Men ularni bir o‘tirishda o‘qib chiqdim va undan-da ko‘proq bilishni istadim. Shuning uchun o‘sha kitobni nashr etganlarga, ya’ni Yahovaning Shohidlariga yozib, ko‘proq adabiyot jo‘natishlarini so‘radim.

Birinchi to‘y kunimizda biznikiga avstriyalik yosh Yahovaning Shohidi keldi. U o‘zi bilan men buyurtma qilgan adabiyotni olib kelib, Muqaddas Kitob tadqiqini taklif qildi va men rozi bo‘ldim. Bilim olishga judayam chanqoq edim, shuning uchun haftada ikki marta tadqiq o‘tardik va tadqiqlarimiz taxminan to‘rt soat davom etardi.

Shohidlar Muqaddas Kitobdan ko‘rsatgan narsalar meni lol qoldirdi. Ular Xudoning ismi Yahova ekanini mening venger tilidagi Muqaddas Kitobimdan ko‘rsatishganida qoyil qoldim. Cherkovga 27-yil mobaynida borgan bo‘lsam-da, u yerda Xudoning ismi bir marta ham tilga olinmagan. Kalomga asoslangan aniq va mantiqiy javoblardan lol qoldim. Qolaversa, Muqaddas Kitobdan o‘lganlar hech narsani bilmasligini va ular go‘yoki qattiq uxlab yotgan odamga o‘xshashligini bilib oldim. (Voiz 9:5, 10; Yuhanno 11:11–15) Shuningdek, Muqaddas Kitobga ko‘ra, yangi dunyoda o‘lim boshqa bo‘lmasligini bilib oldim. (Vahiy 21:3, 4) Qolaversa, yangi dunyoda otamni ko‘rishga umid qilyapman, chunki o‘shanda «tirilish» bo‘ladi. (Havoriylar 24:15)

Roza ham Muqaddas Kitobni tadqiq qilishga bajonidil rozi bo‘ldi. Biz ma’nan tez o‘sardik va tadqiq uchun mo‘ljallangan adabiyotni atigi ikki oy ichida tamomladik. Yig‘ilishlarning hech birini qoldirmasdik. Yahova Shohidlarining sevgisi, hamjihatligi va bir-biriga yordam berishga tayyorligi bizga kuchli ta’sir qildi. (Yuhanno 13:34, 35)

1976-yili Roza ikkalamizga Avstraliyaga ko‘chib o‘tishga ruxsat berishdi. Ko‘chib o‘tishimiz bilan u yerdagi Shohidlar bilan bog‘landik. Ular orasida o‘zimizni uydagidek his qilardik. 1978-yili esa o‘zimiz ham Yahovaning Shohidlari bo‘ldik.

QANDAY FOYDA OLDIM?

Axiyri, meni uzoq vaqt davomida tashvishlantirgan savollarimga javob oldim. Yahova bilan do‘stona munosabatlarni rivojlantirib, eng zo‘r Otaga ega bo‘ldim. (Yoqub 4:8) Kelajakdagi yangi dunyoda esa o‘zimning haqiqiy otamni ko‘ra olaman. (Yuhanno 5:28, 29)

1989-yili Roza ikkalamiz Vengriyaga qaytishga qaror qildik. Chunki do‘stlarimiz, oila a’zolarimiz va boshqalar bilan e’tiqodimiz haqida bo‘lishmoqchi edik. Yuzlab odamlarga Muqaddas Kitob asosida ta’lim berish sharafiga muyassar bo‘ldik. Ularning yetmishdan ziyodi, jumladan, aziz onam Yahovaning xizmatchisiga aylandi.

Savollarimga javob topish uchun 17-yil davomida ibodat qildim. Yana 39-yil o‘tdi va men hali hanuz ibodat qilyapman. Faqat ibodatlarimda shunday deyman: «Jajji bolakayning ibodatlariga javob berganing uchun rahmat, samoviy Otajonim».