1 | Ibodat. «Barcha g‘am-tashvishlaringizni Unga tashlanglar»
MUQADDAS KITOBDA SHUNDAY DEYILGAN: Barcha g‘am-tashvishlaringizni... [Xudoga] tashlanglar, chunki U sizlarga g‘amxo‘rlik qiladi». (1 BUTRUS 5:7)
Bu oyat nimani anglatadi?
Tangri Yahova bizni tashvishga solayotgan har qanday narsani U bilan bo‘lishishimizni istaydi. (Zabur 55:22) Muammo qanchalik katta yoki kichik bo‘lmasin, bu haqda ibodat qilish arziydi. Biz uchun ahamiyatli bo‘lgan masala Yahova uchun ham ahamiyatli. Unga ibodat qilish ichki xotirjamlikka ega bo‘lish uchun qo‘yiladigan muhim qadamdir. (Filippiliklarga 4:6, 7)
Bu oyatdagi prinsipni qanday qo‘llasa bo‘ladi?
Ruhiy salomatlik muammosi bilan kurashganimizda o‘zimizni butunlay yolg‘iz his qilishimiz mumkin. Boshqalar nimalarni boshdan kechirayotganimizni doim ham tushunmaydi. (Hikmatlar 14:10) Lekin ibodatda Xudoga his-tuyg‘ularimizni boricha aytsak, U bizni hamisha mehr ila tinglaydi va hamdard bo‘ladi. Yahova bizga e’tibor qaratadi, og‘riqlarimizu qiyinchiliklarimizni biladi va bizni xavotirga solayotgan har qanday narsa to‘g‘risida Unga ibodat qilishimizni istaydi. (2 Solnomalar 6:29, 30)
Yahovaga ibodat qilish U biz uchun qayg‘urishiga bo‘lgan ishonchimizni mustahkamlaydi. O‘zimizni quyidagicha ibodat qilgan sano bastakori kabi his qilishimiz mumkin: «Sen azob-uqubatimni ko‘rding, qattiq qayg‘u chekayotganimdan xabardorsan». (Zabur 31:7) Yahova boshimizdan nimalar o‘tayotganiga befarq emasligini bilishning o‘zi qiyinchiliklarni yengishimizga katta yordam beradi. Biroq U qiyinchiliklarimizga shunchaki e’tibor berishdan ko‘prog‘ini qiladi. U nimalar bilan kurashayotganimizni hammadan ham yaxshiroq tushunadi va Muqaddas Kitobdan dalda hamda tasalli olishimizga ko‘maklashadi.