Muhtojlarga yordam qo‘lini cho‘zganlar baraka topishadi
Dunyo bo‘ylab ko‘p odamlar oziq-ovqat va boshpanaga, ayrimlar esa kelajakka nisbatan umidga muhtoj bo‘lib yashamoqda. Bunday insonlarga yordam berish yo‘lidagi sa’y-harakatlarimizni ko‘rib, Alloh Taolo mamnun bo‘ladi va bizga O‘z barakasini yog‘diradi.
MUQADDAS YOZUVLARDA NIMA DEYILGAN?
«Bechoraga mehr ko‘rsatgan Tangri Yahovaga qarz beradi, U esa qilgan yaxshiligini qaytaradi». (HIKMATLAR 19:17)
MUHTOJLARGA YORDAM BERISH NIMANI O‘Z ICHIGA OLADI?
Bir safar Iso payg‘ambar yo‘lda qaroqchilarga duch kelgan va chala o‘lik holatda tashlab ketilgan kishi haqida masal aytib beradi. (Luqo 10:29–37) Masalga ko‘ra, yo‘l-yo‘lakay o‘tib ketayotgan bir mehribon yo‘lovchi to‘xtab, qattiq jarohatlangan o‘sha kishiga g‘amxo‘rlik qilibdi. Bu yo‘lovchi boshqa xalqdan bo‘lishiga qaramay, unga yordam qo‘lini cho‘zibdi.
Mehribon yo‘lovchi jarohatlangan kishiga birinchi yordam ko‘rsatibdi, qolaversa, moddiy g‘amxo‘rlik qilib, og‘ir damda unga tayanch bo‘libdi.
Mazkur masaldan qanday saboq olyapmiz? Iso alayhissalom bu masal orqali muhtoj insonlarga qo‘limizdan kelgancha yordam berishimiz kerakligini o‘rgatgan. (Hikmatlar 3:27) Muqaddas Yozuvlarda Xudovand tez orada kambag‘allik va azob-uqubatlarga chek qo‘yishi haqida aytib o‘tilgan. Ammo Tangri qanday qilib va qachon bu va’dasini amalga oshirar ekan, deya qiziqayotgandirsiz? Keyingi maqoladan mehribon Parvardigor sizga qanday barakalar yog‘dirmoqchi ekani to‘g‘risida bilib olishingiz mumkin.