Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

Bilasizmi?

Bilasizmi?

Isroilliklar Misrda qul bo‘lgani haqida Muqaddas Kitobdan tashqari yana dalillar bormi?

Muqaddas Kitob bayonotiga ko‘ra, midiyonliklar Yusufni Misrga olib ketishganidan keyin, bobokalonimiz Yoqub va uning oilasi Kan’ondan Misrga ko‘chib o‘tgan. Ular Misrning Go‘shen degan yerida, Nil deltasida o‘rnashishgan. (Ibt. 47:1, 6) Isroilliklar misrliklarga qaraganda «ko‘proq va kuchliroq» bo‘lib ketishgan. Shunda misrliklar ulardan qo‘rqib, ularni qullarga aylantirishgan. (Chiq. 1:7–14)

Ayrim zamonaviy tanqidchilar Muqaddas Kitobdagi mazkur bayonotni uydirma deb atab, kulgiga chiqarishgan. Biroq somiylar * qadimgi Misrda qul bo‘lib yashaganini isbotlovchi dalillar mavjud.

Misol uchun, arxeologlar Misr shimolida qadimiy manzilgohlarning qoldiqlarini topishgan. Doktor Jon Bimsonning hisobotiga ko‘ra, Misr shimolida somiylarning 20 yoki undan oshiq manzilgohlari bo‘lgan. Bundan tashqari, misrshunos Jeyms Xoffmayyer shunday dedi: «Taxminan mil. avv. 1800-yildan to 1540-yilgacha Misr G‘arbiy Osiyodagi somiyzabon xalqlar ko‘chishi uchun jozibador joy bo‘lgan». U shunday qo‘shimcha qildi: «Bu vaqt oralig‘i an’anaviy “Bobokalonlar davri”ga to‘g‘ri keladi va shu bois Ibtido kitobida qalamga olingan zamon hamda voqealarga mosdir».

Misr janubida qo‘shimcha dalil topildi. O‘rta podsholik davriga (mil. avv. t. 2000–1600-yillar) mansub bir papirusda Misr janubidagi bir xonadonda ishlagan qullarning ismlari yozilgan. Ismlarning 40 dan oshig‘i somiycha bo‘lib, ushbu qullar oshpaz, to‘quvchi va ishchilar bo‘lgan. Xoffmayyerning kuzatuvlariga ko‘ra, «qirqdan oshiq somiylar Fivadagi [Misr janubi] xonadonlarning birida ishlagan bo‘lsa, ularning soni butun Misrda, xususan Nil deltasida juda katta bo‘lgan bo‘lishi mumkin».

Arxeolog Devid Roulning yozishicha, o‘sha qullarning ayrim ismlari «Muqaddas Kitobda o‘qishingiz mumkin bo‘lgan ismlarga o‘xshab ketadi». Misol uchun, o‘sha papirus parchasida Issaxor, Osher va Shifroga o‘xshash ismlar yozilgan. (Chiq. 1:3, 4, 15) «Bu, isroilliklar Misrda qul bo‘lganining aniq dalilidir»,— deb xulosa qiladi Roul.

Doktor Bimson shunday deydi: «Misr qulligi va undan ozod bo‘lish bilan bog‘liq Muqaddas Kitobdagi bayonotlar qat’iy tarixiy asosga ega».

^ 4- x.b. Somiy degan nom Nuhning uchta o‘g‘lidan biri bo‘lmish Somning ismidan kelib chiqqan. Elamliklar, ossuriyaliklar, ilk xaldeylar, ibroniylar, suriyaliklar va ba’zi arab qabilalari Somning avlodlari bo‘lishi mumkin.