31-TADQIQ MAQOLASI
«Barqaror va mahkam turinglar»
Sevimli birodarlarim, barqaror va mahkam turinglar. (1 KOR. 15:58)
122-QO‘SHIQ Mard va mahkam turing!
BU MAQOLADA a
1, 2. Qaysi ma’noda masihiyni osmono‘par binoga o‘xshatsa bo‘ladi? (1 Korinfliklarga 15:58)
1970-YILLARNING oxirida Tokioda (Yaponiya) 60 qavatli osmono‘par bino qurilgan. Odamlar bu shaharda tez-tez bo‘lib turadigan zilzilalarga ushbu bino qanday dosh beradi, deb hayron qolishgan. Qiziq, buning siri nimada bo‘lgan? Injenerlar bu bino zilzilalar tufayli paydo bo‘ladigan tebranishlarda bardoshli bo‘lishi uchun uni yetarlicha mustahkam va egiluvchan qilib loyihalashtirishgan. Masihiylar ham o‘sha osmono‘par binoga o‘xshaydi. Qanaqasiga?
2 Masihiy barqaror va egiluvchan, ya’ni moslashuvchan bo‘lish borasida muvozanatni saqlashi kerak. U Yahovaning qonunlari va me’yorlariga kelganda qat’iy va mahkam bo‘lishi zarur. (1 Korinfliklarga 15:58 ni o‘qing.) U «bo‘ysunuvchan» bo‘ladi va yon bermaydi. Yoki vaziyat yo‘l qo‘yganda yo hatto buni talab qilganda, bunday masihiy «mulohazali» yoki yon beradigan bo‘ladi. (Yoqb. 3:17) Bu borada muvozanatni saqlashga o‘rgangan masihiy haddan tashqari qattiqqo‘l bo‘lmaslikka yoki aksincha, hamma narsaga ko‘z yummaslikka intiladi. Ushbu maqolada qay yo‘sin mahkam turishimiz mumkinligini bilib olamiz. Qolaversa, Shayton barqaror turish qarorimizni susaytirish uchun qo‘llayotgan beshta usulni va bunga qanday qilib qarshi tura olishimizni ko‘rib chiqamiz.
QAY YO‘SIN BARQAROR TURA OLAMIZ?
3. Havoriylar 15:28, 29 da Oliy Qonun chiqaruvchining qaysi qonunlari yozilgan?
3 Yahova Oliy Qonun chiqaruvchi sifatida o‘z xizmatchilariga doim aniq qonunlar beradi. (Ishayo 33:22) Misol uchun, birinchi asrdagi yetakchi kengash masihiylar qat’iy bo‘lishi kerak bo‘lgan uchta masalani aniq aytib o‘tgan: 1) butparastlikni rad etib, faqat Yahovaga topinish, 2) qonni muqaddas deb hisoblash va 3) Kalomdagi yuqori axloqiy me’yorlarga amal qilish. (Havoriylar 15:28, 29 ni o‘qing.) Qay yo‘sin masihiylar ushbu uchta masalada qat’iy bo‘la oladi?
4. Qay yo‘sin Yahovaga mutlaq sadoqatni namoyon eta olamiz? (Vahiy 4:11)
4 Butparastlikni rad etib, faqat Yahovaga topinamiz. Yahova isroilliklarga Unga mutlaq sadoqatni namoyon etish kerakligini amr etgan. (Qonun. 5:6–10) Iblis tomonidan vasvasa qilinganida Iso biz faqat Yahovaga topinishimiz kerakligini aniq aytgan. (Mat. 4:8–10) Shuning uchun ham biz butlarga sig‘inmaymiz. Odamlarni ham ko‘kka ko‘tarmaymiz. Xoh ular din rahbarlari, xoh siyosatchilar yoki sport va o‘yin-kulgi olamidagi yulduzlar bo‘lsin, ularga xudodek qaramaymiz. Aksincha, Yahovaning tomonida turib, faqatgina «butun borliqni yarat»gan Shaxsga topinamiz. (Vahiy 4:11 ni o‘qing.)
5. Nega hayot va qon muqaddas ekani borasidagi Yahovaning qonuniga amal qilamiz?
5 Hayot va qon muqaddas ekani borasidagi Yahovaning qonuniga amal qilamiz. Nima uchun? Sababi, Yahova qon hayotni bildirishini va hayotimiz qimmatbaho sovg‘asi ekanini aytyapti. (Lev. 17:14) U insonlarga ilk bor hayvonlarning go‘shtini yeyishga ruxsat berganda qonini iste’mol qilmaslikni buyurgan. (Ibt. 9:4) Yahova Isroil xalqiga Musoning Qonunini berganda, bu amrni takrorlagan. (Lev. 17:10) Qolaversa, U birinchi asrda Yetakchi kengashni barcha masihiylarga o‘zini «qondan» saqlash borasida yo‘l-yo‘riq berishga undagan. (Havor. 15:28, 29) Biz ham davolanish turini tanlayotganimizda, bu amrga qat’iy amal qilamiz b.
6. Yahovaning yuqori axloqiy me’yorlari bo‘yicha yashash uchun bizdan qanday harakatlar kutiladi?
6 Yahovaning yuqori axloqiy me’yorlariga qat’iy amal qilamiz. (Ibron. 13:4) Havoriy Pavlus bizni tana a’zolarimizdagi ehtiroslarni o‘ldirishga chorlayapti. Bu noto‘g‘ri istaklarni o‘zimizdan soqit qilish uchun qo‘limizdan kelganini qilishni anglatadi. Ha, jinsiy axloqsizlikka yetaklashi mumkin bo‘lgan hech narsaga qaramaslikka yoki hech qanday ishni qilmaslikka intilamiz. (Kolos. 3:5; Ayub 31:1) Vasvasaga duch kelganimizda esa Xudo bilan munosabatlarimizni barbod qilishi mumkin bo‘lgan fikrni yoki xatti-harakatni zudlik bilan rad etamiz.
7. Nima qilish qarorimiz qat’iy bo‘lishi lozim va nega?
7 Yahova bizdan Uning aytganlariga sidqidildan rioya qilishimizni kutadi. (Rim. 6:17) Uning yo‘l-yo‘riqlari bizga doim foyda keltiradi. Shu sababli qonunlarini tanlamay barchasiga amal qilamiz. (Ishayo 48:17, 18; 1 Kor. 6:9, 10) Biz Yahovani mamnun qilishga va sano bastakori kabi quyidagi nuqtai nazarni ko‘rsatishga jon kuydiramiz: «Men doimo, hayotimning oxirigacha qoidalaringga itoat etishga qaror qildim». (Zab. 119:112) Biroq Shayton bizni bu qarorimizdan qaytarishga harakat qiladi. Xo‘sh, u qanday usullardan foydalanadi?
QAY YO‘SIN SHAYTON QAT’IYLIGIMIZNI SUSAYTIRISHGA INTILYAPTI?
8. Shayton qat’iyligimizni susaytirish uchun ta’qiblardan qanday foydalanyapti?
8 Ta’qiblar. Iblis qat’iyligimizni susaytirish uchun jismoniy va hissiy hujumlarni uyushtiryapti. Uning maqsadi bizni «yutib yuborish», ya’ni Yahova bilan munosabatlarimizni barbod qilish. (1 Butr. 5:8) Birinchi asrdagi masihiylarning sadoqatli qolish qarori qat’iy bo‘lgani uchun ular tahdidlarga uchrashgan, do‘pposlanishgan va o‘ldirilishgan. (Havor. 5:27, 28, 40; 7:54–60) Shayton haligacha ta’qiblardan foydalanishda davom etyapti. Buni Rossiyadagi va boshqa mamlakatlardagi birodar-u opa-singillarimizga ko‘rsatilayotgan shafqatsiz munosabatdan va dushmanlarning qarshiliklaridan ko‘rsak bo‘ladi.
9. Yashirin bosimdan ogoh bo‘lishimiz kerakligini ko‘rsatuvchi misol keltiring.
9 Yashirin bosim. Shayton bizga hujum qilish uchun «hiyla-nayranglar»dan foydalanyapti. (Efes. 6:11) Keling, Robert birodarning misolini ko‘rib chiqaylik. Operatsiya qilinish uchun u kasalxonada yotgandi. Robert shifokorlar bilan gaplashib, qanday vaziyat bo‘lishidan qat’i nazar unga qon quyilishiga qarshi ekanini aytgan. Jarroh uning qarorini hurmat qilgan. Biroq operatsiyadan bir kecha oldin Robertning oila a’zolari kasalxonadan ketganida anesteziolog uning yoniga borgan. U Robertga qon quyilmasligini, lekin har ehtimolga qarshi u qo‘l ostida bo‘lishini aytgan. Hoynahoy, u Robertning uyidagilari uning yonida bo‘lmagani uchun u qaroridan qaytadi, deb o‘ylagan. Lekin Robert barqaror turib, qanday vaziyat bo‘lishidan qat’i nazar unga qon quyilishiga qarshi ekanini aytgan.
10. Nega insonlarning fikrlash tarzi xavfli, deb aytsak bo‘ladi? (1 Korinfliklarga 3:19, 20)
10 Insonlarning fikrlash tarzi. Agar masalaga insoniy nuqtai nazardan qarasak, Yahovadan uzoqlashib, Uning me’yorlariga ko‘z yuma boshlashimiz mumkin. (1 Korinfliklarga 3:19, 20 ni o‘qing.) Odatda «dunyoning donoligi» odamlarni tana istaklarini qondirishga undaydi. Pergam va Tiyatiradagi jamoatlarda bo‘lgan ba’zi masihiylarga ham atrofidagi axloqsiz va butparast odamlar ta’sir qilgan. Ular jinsiy axloqsizlikka ko‘z yumishgani uchun Iso ushbu ikkita jamoatdagilarga jiddiy maslahat bergan. (Vah. 2:14, 20) Bugungi kunda bizga ham atrofimizdagi odamlar noto‘g‘ri nuqtai nazarni singdirishga harakat qiladi. Oila a’zolarimiz va tanishlarimiz his-tuyg‘ularimizga ta’sir qilib, Yahovaning qonunini buzishga undashi hech gap emas. Masalan, ular axloqan pok qolishimiz muhim ahamiyat kasb etmasligini va Muqaddas Kitobdagi me’yorlar zamondan ortda qolganini ta’kidlashi mumkin.
11. Nima qilmasligimiz lozim?
11 Ba’zan Yahova bizga yetarlicha aniq yo‘l-yo‘riqlar bermayapti, deb o‘ylashimiz hech gap emas. Bizda hatto «yozilganlardan tashqariga» chiqish vasvasasi paydo bo‘lishi mumkin. (1 Kor. 4:6) Isoning davridagi din rahbarlari bunday yo‘l tutib gunohga qo‘l urishgan. Ular Musoning Qonuniga o‘z qoidalarini qo‘shib, uni oddiy insonlar uchun og‘ir yukka aylantirishgan. (Mat. 23:4) Yahova bizga Kalomi va tashkiloti orqali aniq ko‘rsatmalar beryapti. U taqdim etayotgan yo‘l-yo‘riqlarga biron nima qo‘shish uchun hech qanday sababimiz yo‘q. (Hik. 3:5–7) Shu bois yozilganlardan tashqariga chiqmasligimiz va shaxsiy masalalarda imondoshlarimiz uchun qoidalar o‘rnatmasligimiz muhim.
12. Qay yo‘sin Shayton «quruq gaplar»dan foydalanyapti?
12 Quruq gaplar. Shayton odamlarni yo‘ldan ozdirish va ularning orasida bo‘linishlar yuzaga kelishi uchun «quruq gaplar»dan va «dunyoning qoidalari»dan foydalanyapti. (Kolos. 2:8) Birinchi asrda bularga insoniy g‘oyalarga asoslangan falsafalar, Muqaddas Yozuvlarga asoslanmagan yahudiylarning ta’limotlari va masihiylar Musoning Qonuniga bo‘ysunishi shart degan ta’limot kirgan. Bularning bari quruq gap bo‘lgan. Sababi, ular odamlarning e’tiborini chinakam donolikning Manbai bo‘lmish Yahovadan olib qochgan. Bugungi kunda ham Shayton ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlardan foydalanib bo‘lar-bo‘lmas gaplarni va siyosiy rahbarlar olg‘a surayotgan yolg‘on xabarlarni tarqatyapti. COVID-19 pandemiyasida bunga ko‘p marta guvoh bo‘ldik c. Tashkilotimiz taqdim etgan yo‘l-yo‘riqqa quloq solgan Yahovaning Shohidlari noto‘g‘ri ma’lumotni tinglaganlarga qaraganda kamroq tashvishlanishdi. (Mat. 24:45)
13. Nega chalg‘itadigan narsalarga qarshi kurashishimiz kerak?
13 Chalg‘itadigan narsalar. Biz «qaysi narsalar muhimroq ekanini» doim yodda tutishimiz lozim. (Filip. 1:9, 10) Chalg‘itadigan narsalar ko‘proq foyda keltirishi mumkin bo‘lgan ishlarga ketadigan vaqtimiz-u kuchimizni o‘g‘irlashi hech gap emas. Oddiy narsalar, masalan, yeb-ichish, dam olish va ish hayotimizda eng muhim narsaga aylanishiga yo‘l qo‘ysak, bizni chalg‘itishi mumkin. (Luqo 21:34, 35) Bundan tashqari, har kuni ijtimoiy va siyosiy masalalar bo‘yicha bo‘layotgan bahs-munozaralar haqida eshitamiz yoki o‘qiymiz. Ular bizni chalg‘itishiga yo‘l qo‘ymasligimiz muhim. Aks holda, ongimiz-u qalbimizda tarafkashlik qila boshlashimiz mumkin. Shayton bu barcha usullardan foydalanib, to‘g‘ri yo‘l tutish qarorimizni susaytirish payida. Shunday ekan, keling, qanday qilib uning harakatlariga qarshi turishimiz va qat’iy bo‘lib qolishimiz mumkinligini bilib olaylik.
QAY YO‘SIN QAT’IY TURA OLAMIZ?
14. Yahovaning tomonida turish qaroringizni mustahkamlashga nima yordam berishi mumkin?
14 Bag‘ishlovingiz va suvga cho‘mganingiz haqida fikr yuriting. Yahovaning tomonida turishni xohlaganingiz uchun bu qadamlarni qo‘ygansiz. Haqiqatni topganingizga ishonishga nima yordam berganini eslang. Siz Yahova haqida aniq bilim olib, Unga bo‘lgan sevgingizni va hurmatingizni oshirgansiz hamda imonni rivojlantirgansiz. Bu esa sizni tavba qilishga undagan. Qolaversa, noto‘g‘ri ishlar qilishni to‘xtatib, Yahovaning irodasiga muvofiq hayot kechirishni boshlagansiz. Xudo sizni kechirganini bilganingizda esa o‘zingizni ancha yengil his qilgansiz. (Zab. 32:1, 2) Shuningdek, yig‘ilishlarga borgansiz va bilib olgan ajoyib narsalarni boshqalar bilan bo‘lishishni boshlagansiz. Hozir bag‘ishlangan va suvga cho‘mgan masihiy sifatida hayot yo‘lidan ketyapsiz hamda unda qolish uchun qo‘lingizdan kelganini qilyapsiz. (Mat. 7:13, 14)
15. Nega tadqiq qilish va mulohaza yuritish foydali?
15 Xudoning Kalomini tadqiq qiling va ustida mulohaza yuriting. Ildizi chuqur otgan daraxt mustahkam bo‘la oladi. Shu kabi imonimiz kuchli bo‘lganda qat’iy tura olamiz. Daraxt o‘sgani sayin uning ildizlari chuqurlashib, keng yoyila boshlaydi. Biz ham tadqiq qilib, mulohaza yuritganimizda imonimizni mustahkamlaymiz va Xudoning yo‘llari eng a’lo ekaniga bo‘lgan ishonchimizni oshiramiz. (Kolos. 2:6, 7) Yahovaning yo‘l-yo‘riqlari, maslahatlari va himoyasi Uning o‘tmishdagi xizmatchilariga qanday yordam bergani borasida fikr yuriting. Masalan, Hizqiyo vahiyda ko‘rgan ma’badni farishta yaxshilab o‘lchab chiqqan edi. Bu vahiy Hizqiyoni mustahkamlagan va biz undan pok topinishda Yahovaning me’yorlariga qanday rioya qilishimiz borasida amaliy saboqlar olamiz d. (Hiz. 40:1–4; 43:10–12) Ha, Xudoning Kalomidagi chuqur haqiqatlar borasida tadqiq o‘tkazishga va mulohaza yuritishga vaqt ajratganimizda foyda olamiz.
16. Sodiq bo‘lib qolish qarori Robertga qanday yordam bergan? (Zabur 112:7)
16 Sodiq bo‘lib qoling. Shoh Dovud Yahovaga bo‘lgan sevgisi mustahkam ekanini aytib, quyidagicha kuylagan: «Senga sodiqman, ey Xudo». (Zab. 57:7) Biz ham Yahovaga to‘liq ishonib, Unga sadoqatli qola olamiz. (Zabur 112:7 ni o‘qing.) Yuqorida tilga olingan Robertga bu qanday yordam berganini ko‘rib chiqaylik. Shifokorlar har ehtimolga qarshi qon qo‘l ostida bo‘lishini aytganida, Robert agar unga qon quyish ehtimoli zarracha bor bo‘lsa, shifoxonani zudlik bilan tark etishini aytgan. Keyinchalik, u shunday dedi: «To‘g‘ri yo‘l tutganimdan hech qachon afsuslanmaganman va keyin nima bo‘lishidan xavotirlanmaganman».
17. Robertning misolidan nimani o‘rganishimiz mumkin? (Rasmga ham qarang.)
17 Robert barqaror turgan, chunki shifoxonaga yotishdan avval u qat’iy qolish qarorini chiqargan. Birinchidan, u Yahovani quvontirishni istagan. Ikkinchidan, hayot hamda qon muqaddas ekani borasida Xudoning Kalomi va adabiyotlarimizga asoslanib puxta tadqiq o‘tkazgan. Uchinchidan, Yahovaning ko‘rsatmasiga amal qilish abadiy foyda keltirishiga amin bo‘lgan. Biz ham qanday qiyinchilikka duch kelishimizdan qat’i nazar sodiq bo‘lib qola olamiz.
18. Qay yo‘sin Baraqning misoli bizni Yahovaga ishonishga o‘rgatyapti? (Muqovadagi rasmga qarang.)
18 Yahovaga ishoning. Baraq Yahovaning ko‘rsatmasiga ishongani uchun muvaffaqiyat qozongan. Garchi isroilliklarning na qalqoni, na nayzasi bor bo‘lgan bo‘lsa-da, Yahova Baraqqa Sisaroning boshchiligi ostidagi yaxshi qurollangan kan’onliklarga qarshi jang qilishni buyurgan. (Hak. 5:8) Payg‘ambar ayol Dobira Baraqqa tekislikka tushib, Sisaro va 900 ta aravasiga qarshi jang qilishni aytgan. Bunday tekislikda isroilliklarga tezkor aravalarga qarshi jang qilish qiyin bo‘lishini bilsa-da, Baraq Yahovaning ko‘rsatmasiga bo‘ysungan. U askarlari bilan Tovur tog‘idan tushib kelayotganida, Yahova osmondan kuchli yomg‘irni yog‘dirgan. Sisaroning jang aravalari loyga botib qolgan va Yahova Baraqqa g‘alaba bergan. (Hak. 4:1–7, 10, 13–16) Shunga o‘xshab, Yahovaga va Uning vakillari taqdim etayotgan ko‘rsatmaga ishonsak, U bizga ham g‘alaba ato etadi. (Qonun. 31:6)
BARQAROR TURISH QARORINGIZ QAT’IY BO‘LSIN
19. Nima uchun barqaror turishni istaysiz?
19 Bu dunyoda yashar ekanmiz barqaror turish uchun kurashishda davom etamiz. (1 Tim. 6:11, 12; 2 Butr. 3:17) Iloyim, ta’qiblar, yashirin bosimlar, insonlarning fikrlash tarzi, quruq gaplar va chalg‘itadigan narsalar bizni to‘g‘ri yo‘ldan og‘dirmasin. (Efes. 4:14) Keling, qat’iy turaylik va Yahovani yaxshi ko‘rib, Uning amrlariga doim amal qilishda jon kuydiraylik. Shu bilan birga mulohazakor bo‘lishimiz ham kerak. Keyingi maqolada Yahova hamda Iso qanday qilib mulohazakor bo‘lishda a’lo o‘rnak ko‘rsatishayotgani borasida so‘z yuritamiz.
129-QO‘SHIQ Chidam bilan chopaylik
a Shayton Odamato hamda Momohavoning davridan beri odamlar o‘zlari uchun nima to‘g‘ri va nima noto‘g‘ri ekanini hal qilishi lozim degan fikrni olg‘a suryapti. U biz ham Yahovaning qonunlariga va tashkilotimiz taqdim etayotgan ko‘rsatmalarga nisbatan shunday nuqtai nazarda bo‘lishimizni istaydi. Bu maqola Shayton dunyosining mustaqillik ruhiga qarshi turishga va Yahovaning tomonida turish qarorimizni mustahkamlashga yordam beradi.
b Masihiylar Xudoning qonga bo‘lgan nuqtai nazarini qanday qo‘llab-quvvatlashi mumkinligi haqida ko‘proq ma’lumot olish uchun «Hayotdan toabad zavqlaning!» kitobining 39-darsiga qarang.
c jw.org saytida «O‘zingizni noto‘g‘ri ma’lumotdan himoya qiling» nomli (rus) maqolaga qarang.
d «Nihoyat pok topinish tiklandi!» kitobining 13- va 14-boblaridan tafsilotlarni bilib oling.