Kuchuklarim uchun pechene
OREGONDA (AQSH) yashaydigan Nik shunday aytib berdi: «2014-yili bahorda ikkita kuchugim bilan aylanishga chiqdik. Shahar markazida odatdagidek Yahovaning Shohidlari adabiyot aravachasining yonida turgan edi. Ular ozoda kiyingan va yo‘lovchilarga tabassum ila boqib turardi.
Shohidlar nafaqat odamlarga, balki kuchuklarimga ham yaxshi munosabatda bo‘lishdi. Bir kuni aravacha yonida turgan Eleyn kuchuklarimga pechenye berdi. Har safar o‘sha ko‘chadan yurganimizda, kuchuklarim aravacha yonida turgan Shohidlarning yoniga intilardi.
Kuchuklarim pechenye, men esa qisqa suhbatlarni yoqtirardim. Ammo ular bilan yaqindan do‘stlashishni istamasdim. Yoshim 70 dan oshgandi va Yahovaning Shohidlari ishonayotgan narsalarga uncha qo‘shilmasdim. Qolaversa, xristian dinidan ko‘nglim qolgandi. Shunga Muqaddas Kitobni yaxshisi o‘zim o‘rganaman, deb o‘ylardim.
O‘sha payt mobaynida Yahovaning Shohidlari shaharning har xil joylarida adabiyot aravachalari yonida turganini ko‘rardim. Ular doim do‘stona munosabat ko‘rsatardi. Yahovaning Shohidlari savollarimga hamisha Muqaddas Kitob asosida javob berardi. Bu ishonchimni oshirdi.
Bir kuni Eleyn mendan: “Hayvonlar Xudoning hadyasi ekaniga ishonasizmi?” — deb so‘radi. Men esa: “Albatta ishonaman!” — deb aytdim. Keyin Eleyn Ishayo 11:6–9 ni o‘qib berdi. Shundan so‘ng menda Muqaddas Kitob haqida bilim olish istagi paydo bo‘ldi. Lekin hamon Shohidlardan adabiyot olishni istamasdim.
Kunlar o‘tar ekan Eleyn va uning turmush o‘rtog‘i Brent bilan qisqa, ammo qiziqarli suhbatlar qurardik. Ular menga haqiqiy masihiy qanday bo‘lishini bilib olish uchun Matto kitobidan Havoriylar kitobigacha o‘qib chiqishni taklif qilishdi. Men shunday qildim. Ko‘p vaqt o‘tmay, 2016-yili yozda Brent va Eleyn bilan Muqaddas Kitob tadqiqini boshladim.
Har hafta tadqiq o‘tishni va Yig‘ilish zaliga uchrashuvlarga borishni intiqib kutardim. Muqaddas Kitobdagi haqiqatlarni o‘rganish menga quvonch keltirardi. Bir yil o‘tar-o‘tmas, Yahovaning Shohidi sifatida suvga cho‘mdim. Hozir yoshim 79 da va to‘g‘ri yo‘lda ekanimdan shubham yo‘q. Yahova menga baraka berib, umumjahon oilasiga qo‘shdi».