Xudoning Kalomidan ta’lim oling
Hukm kunida nima yuz beradi?
Mazkur maqolada sizni qiziqtirishi mumkin bo‘lgan ba’zi savollar muhokama qilinadi. Bu maqolani o‘qib o‘z Muqaddas Kitobingizdan javoblar topsangiz bo‘ladi. Yahovaning Shohidlari bu savollarni siz bilan muhokama qilishdan xursand bo‘lishadi.
1. Hukm kuni nimani bildiradi?
O‘ng tomondagi rasmda tasvirlanganidek, aksariyat insonlar hukm kuni, yoki qiyomatni, boshqacha tasavvur qilishadi. Ularning fikricha, milliardlab tirilgan marhumlar Xudoning taxti oldida turib, o‘tmishdagi qilgan ishlariga yarasha hukm qilinadi. Yaxshilik qilganlar osmondagi jannatda yashaydi, yomonlik qilganlar abadiy do‘zaxda yonadi. Ammo Muqaddas Kitobga ko‘ra, hukm kunining maqsadi odamlarni adolatsizlikdan xalos qilishdir. (Zabur 96:13) Xudo Isoni hakam sifatida tayinladi va u insoniyat uchun adolatni qayta tiklaydi. (Ishayo 11:1–5; Havoriylar 17:31 ni o‘qing.)
2.Qay yo‘sin hukm kunida adolat tiklanadi?
Ilk inson Odamato bila turib Xudoga qarshi isyon ko‘tardi va barcha avlodlarini gunoh, azob-uqubat va o‘limga mubtalo qildi. (Rimliklarga 5:12) Iso Masih adolatsizlikni tiklash maqsadida milliardlab insonlarni hayotga qaytaradi, ya’ni tiriltiradi. Vahiy kitobiga ko‘ra, bu Isoning ming yillik boshqaruvi paytida yuz beradi. (Vahiy 20:4, 11, 12 ni o‘qing.)
Tirilganlar o‘tmishdagi qilmishlariga yarasha hukm qilinmaydi. Aksincha, ular Vahiy kitobi 20- bobda aytilganidek, kelajakda qiladigan ishlari, ya’ni kitoblarda yozilgani bo‘yicha qilmishlariga yarasha hukm qilinadi. (Rimliklarga 6:7) Havoriy Pavlusning so‘zlariga ko‘ra, tirilganlar orasida «adolatli va adolatsiz odamlar» bo‘ladi va ularga Xudo haqida bilim olish imkoniyati beriladi. (Havoriylar 24:15 ni o‘qing.)
3. Hukm kunida nima amalga oshiriladi?
Tirilganlar orasida Yahova haqida bilim olishga hamda Unga xizmat qilishga imkoni bo‘lmaganlar bo‘ladi. Ularga o‘zgarib, odil hayot kechirish fursati beriladi. Agar ular Yahovaning tomonini egallashsa, «yashash uchun» tirilgan bo‘lishadi. Afsuski, ba’zilar Yahovaning yo‘llari haqida bilim olishni istashmaydi. Shu bois, ular «hukm etilish uchun» tirilgan bo‘lishadi. (Yuhanno 5:28, 29; Ishayo 26:10; 65:20 ni o‘qing.)
Ming yil davom etadigan hukm kunining oxiriga kelib, Yahovaga itoatli qolgan insonlar mukammallikka erishadi. (1 Korinfliklarga 15:24–28) Darhaqiqat, barcha itoatli insonlarni ajoyib kelajak kutmoqda. Shuningdek, so‘nggi sinovda Xudo ming yilga tubsizlikka qamalgan Shayton Iblisni ozodlikka chiqaradi. U yana bir bor odamlarni Yahovadan yuz o‘girishga undaydi. Ammo Shaytonning tuzog‘iga tushmagan odamlar yer yuzidagi hayotdan toabad zavqlanishi mumkin bo‘ladi. (Ishayo 25:8; Vahiy 20:7–9 ni o‘qing.)
4. Yana qanday hukm kuni butun insoniyatga barakalar keltiradi?
Muqaddas Kitobda «hukm kuni» degan ibora, shuningdek, ushbu zamonaga chek qo‘yilishiga nisbatan ham ishlatiladi. Bu hukm kuni xuddi Nuhning davridagi to‘fonday to‘satdan keladi. O‘shanda barcha yovuz insonlar yo‘q bo‘lib ketgandi. Xudosiz insonlarning yo‘q qilinishi yer yuzidagi «adolat hukm suradigan» yangi jamiyat uchun zamin yaratadi. (2 Butrus 3:6, 7, 13 ni o‘qing.)