Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

TO‘QQIZINCHI BOB

Chindan ham «oxirzamonda» yashayapmizmi?

Chindan ham «oxirzamonda» yashayapmizmi?
  • Bizning vaqtimizga doir qanday hodisalar bashorat qilingan edi?

  • Muqaddas Kitobda aytilishicha, «oxirzamon» odamlari qanday bo‘ladi?

  • «Oxirzamon» paytida shodlik uchun sabablar bormi?

1. Bizni nima kutayotganini qayerdan bilishimiz mumkin?

YANGILIKLARNI ko‘rayotib, ehtimol o‘zingizga shunday savol bergandirsiz: «Dunyoda nima bo‘lyapti o‘zi?» Darhaqiqat, boshimizga nogahon kulfatu falokatlar yog‘ilishi mumkin. Hech birimiz ertaga nima bo‘lishini ham bilmaymiz (Yoqub 4:14). Biroq Yahova Taolo kelajakda nima bo‘lishini biladi (Ishayo 46:10). Uning Kalomi bo‘lmish Muqaddas Kitobda, nafaqat hozirgi vaqtda bo‘layotgan dahshatli voqealar, balki yaqin kelajakda bizni kutayotgan qut-barakalar ham bashorat qilingan.

2, 3. Isoning shogirdlarini qaysi savol qiziqtirar edi, va u nima deb javob berdi?

2 Hazrati Iso Masih, bu yovuz dunyoni faqatgina Xudoning Shohligi jannatga aylantirishi mumkin, deb gapirar edi (Luqo 4:43). Shubhasizki, odamlarni bu qachon bo‘lar ekan, degan savol qiziqtirar edi. Hatto Isoning shogirdlari ham bir marta undan: «Sening kelishing va oxirzamon yaqinlashganini ko‘rsatadigan belgi qanday bo‘ladi?» — deb so‘rashgan edi (Matto 24:3). Bunga javoban Iso Masih bu vaqtni yagona Allohdan bo‘lak hech kim bilmasligini aytdi (Matto 24:36). Lekin, Xudoning Shohligi yer yuzida tinchlik o‘rnatganidan avval, oxirzamon kelganini ko‘rsatadigan alomatlar bo‘ladi, deb qo‘shib qo‘ydi. Bu alomatlar ko‘z o‘ngimizda sodir bo‘lmoqda!

3 «Oxirzamon» kelganining dalillarini ko‘rib chiqishdan avval, keling osmonda bo‘lgan bir jang haqida bilib olaylik. Bu jangni hech bir odam ko‘rmagan bo‘lsa-da, u barchamizga ta’sir qildi.

OSMONDAGI JANG

4, 5. a) Hazrati Iso taxtga o‘tirgan zamon nima qildi? b) Samoviy jang nimalarga olib keldi?

4 O‘tgan bobdan, Hazrati Iso 1914- yilda osmondagi taxtga o‘tirganini bilib oldik (Doniyor 7:13, 14). Taxtga o‘tirgan zamon Iso Masih boshqarishga kirishdi. Muqaddas Kitob hikoya qilmoqda: «Mikoil [Iso Masihning boshqa ismi] va uning farishtalari ajdahoga [Shaytonga] qarshi urishdilar. Ajdaho ham o‘zining farishtalari bilan urushga tushdi» *. Biroq Shayton va uning farishtalari, ya’ni jinlari mag‘lubiyatga uchrab, yer yuziga otildilar. Nihoyat Xudoning sodiq farishtalari bu yovuz ta’sirdan xalos bo‘lishdi! Insoniyat uchun esa bu shodiyona keltirgani yo‘q. Sababini Muqaddas Kitobdan bilib olyapmiz: «Yer va dengizning holiga voy! Zero iblis vaqt oz qolganini bilib, mudhish qahr-g‘azab ila sizning oldingizga tushdi» (Vahiy 12:7, 9, 12).

5 Bu samoviy jang nimalarga olib kelganiga e’tibor bering. Shayton mudhish qahr-g‘azab ila odamlarni qiynashga tushdi. Bu aynan bizning vaqtimizda sodir bo‘lyapti. Muqaddas Kitob bu vaqtni oxirzamon deb ataydi (2 Timo‘tiyga 3:1). Lekin bizga taskin beradigan xabar, Shaytonning «vaqti oz qolganidadir». Ha, Xudoyimiz yaqin orada yerni ham Shaytonning ta’siridan xalos qiladi! Keling, bizning vaqtimizga tegishli ba’zi bashoratlarni ko‘rib chiqaylik. Shunda oxirzamon vaqtida yashayotganimizni hamda yaqin orada Xudoning Shohligi qanday qut-barakalar yog‘dirishini bilib olamiz. Avvalo Iso Masih bashorat qilgan to‘rtta asosiy alomatni ko‘rib chiqaylik.

OXIRZAMONNING ASOSIY ALOMATLARI

6, 7. Urushlar bilan qahatchiliklar haqidagi bashorat qanday amalga oshmoqda?

6 «Xalq xalqqa qarshi, podshohlik podshohlikka qarshi ko‘tariladi» (Matto 24:7). So‘nggi asr davomida urushlar dastidan millionlab odamlar halok bo‘ldi. Britaniyalik bir tarixchi aytganiday: «XX asr insoniyat tarixida eng qonxo‘r asr deb bilindi. [...] Bu asrda urushlar faqat jinday susayib, yana alanga olar edi». Bir institut hisobotida esa shunday deyilgan: «I asrdan beri sodir bo‘layotgan urushlardan ko‘ra, XX asr urushlarining qurbonlari uch baravar ko‘proq chiqdi» («Worldwatch Institute»). 1914- yildan boshlab harbiy to‘qnashuvlarda 100 milliondan ziyod odam halok bo‘ldi. Agar yaqinlarimizdan birortasi vafot etsa qanchalar qayg‘uramiz. Ammo millionlab yaqinlarni yo‘qotgan odamlarning boshiga tushgan musibatni hatto tasavvur qilish qiyin.

7 «Qahatchiliklar» (Matto 24:7). Tadqiqotlar ko‘rsatishicha, oxirgi 30 yil mobaynida oziq-ovqat ishlab chiqarish ancha ko‘paydi. Lekin shunga qaramay qahatchilik hukm surmoqda. Sababi, ovqat uchun odamlarning na puli bor, na o‘stirish uchun yeri bor. Rivojlanayotgan mamlakatlarda milliarddan ziyod aholi kuniga bir dollarga yoki undan ham ozroq pulga zo‘rg‘a yashayaptilar. Bu odamlar uchun ochlik oddiy hol bo‘lib qoldi. Jahon Sog‘likni Saqlash Tashkiloti hisobotiga ko‘ra, yiliga besh milliondan ziyod bolalar och-nahor bo‘lib hayoti bilan vidolashmoqda.

8, 9. Zilzilalar bilan o‘latlar haqidagi bashorat bajarilishining isbotlari bormi?

8 «Shiddatli zilzilalar» (Luqo 21:11). AQShning Geologik xizmati ma’lumotiga ko‘ra, har yili deyarli 19 ta katta zilzila yer qobig‘ini yorib, binolarni shikastlamoqda. Ustiga-ustak yiliga shunday shiddatli zilzilalar ro‘y beradiki, barcha binolarni umuman yer bilan yakson qiladi. Ma’lumotlarga ko‘ra 1900- yildan buyon zilzilalar dastidan ikki milliondan ko‘proq kishi halok bo‘ldi. Bir manbaga binoan: «Zamonaviy jihozlar zilzila qurbonlarini kamaytirishga ojiz».

9 «O‘latlar» (Luqo 21:11). Tibbiyotning yutuqlariga qaramay, qadimdan ma’lum bo‘lgan hamda yangi paydo bo‘lgan kasalliklar avjiga chiqmoqda. Bir hisobotning xabar berishicha, so‘nggi bir necha o‘n yil mobaynida 20 ta kasallik, shu jumladan sil, bezgak hamda vabo dunyo bo‘ylab keng tarqalib ketgan, va bunga hatto dori-darmon yordam bera olmayapti. Kamida 30 ta yangi kasallik paydo bo‘ldi, va ulardan ko‘pi bedavodir.

OXIRZAMON ODAMLARI

10. Havoriy Pavlusning so‘zlariga ko‘ra oxirzamon vaqtida odamlar qanday bo‘lib ketadi?

10 Muqaddas Kitobda nafaqat dunyo sharoiti, balki odamlar naqadar o‘zgarishi haqida bashoratlar bor. Aziz havoriy Pavlus oxirzamon odamlari qanday bo‘lishi haqida aytdi. U shuningdek «oxirgi kunlarda og‘ir vaqtlar keladi», deb qo‘shib qo‘ydi (2 Timo‘tiyga 3:1–5). Uning so‘zlari bo‘yicha odamlar quyidagicha bo‘lishadi:

  • nafs bandasi

  • pulparast

  • ota-onaga itoatsiz

  • shafqatsiz

  • murosasiz

  • nafsini tiya olmaydigan

  • xoin

  • Xudodan ko‘ra aysh-ishratni ko‘proq sevadigan

  • o‘zlarini xudojo‘y ko‘rsatib, ilohiy qudratni esa inkor etadigan

11. Zaburda ko‘rsatilishicha betavfiqlar bilan nima yuz beradi?

11 Bunday odamlarga duch kelganmisiz? Yo‘q deyishingiz qiyin, chunki bunday odamlar bilan hozirgi dunyo to‘lib-toshgan. Bundan xulosa, yaqin kelajakda Xudoyimiz Zaburda yozilganini bajaradi: «Betavfiqlarning o‘t kabi chechak otishi, hamma qonunsizlarning yashnab-gullashi ularning abadiy yo‘q bo‘lishi uchundir» (Zabur 91:8).

SHODLIK UCHUN SABABLAR BOR!

12, 13. Qanday qilib oxirzamon paytida «bilim qo‘paydi»?

12 Bashorat qilinganiday oxirzamon paytida musibat kuchayib boradi. Biroq, shunday qiyin vaqtda ham Yahovani sevganlarning shodlik uchun sabablari bor.

13 «Bilim ko‘payadi», deb bashorat qilgan edi Doniyor payg‘ambar. Bu qachon bo‘lar ekan? «Oxirzamonda» (Doniyor 12:4- oyatining izohiga qarang). 1914- yildan boshlab Yahova samimiy insonlarga Muqaddas Kitobni tushunishga yordam bera boshlagan. Ular Xudoning ismi a’zami va Uning irodasi haqida, Iso Masih fido qilgan hayoti va shu yo‘sin tirilishga bo‘lgan ajoyib umid haqida bilib oldilar. Yahovaning xizmatchilari, baxtli hayot kechirish hamda Haq Xudoni ulug‘lash uchun ne qilmoq zarur ekanini bilib oldilar. Boz ustiga, ular Xudoning Shohligi qanday ahamiyatga ega ekani hamda bu Shohlik Xudoning irodasini qanday bajo keltirishini anglab yetdilar. Bu bilimlar asosida ular nima qilishdi? Bu savol boshqa bir bashorat bilan chambarchas bog‘liq.

«Xudo saltanati to‘g‘risidagi Injil Xushxabari... jahon bo‘ylab targ‘ib qilinadi» (Matto 24:14)

14. Xudo saltanati to‘g‘risida xushxabar qay miqyosda yoyilmoqda, va uni kim va’z etmoqda?

14 «Xudo saltanati to‘g‘risidagi Injil Xushxabari... jahon bo‘ylab targ‘ib qilinadi» deb, «oxirzamon» haqida bashorat qilgan edi Hazrati Iso Masih (Matto 24:3, 14). Xudo saltanati, uning maqsadlari va yog‘diradigan qut-barakalari to‘g‘risidagi xushxabar, bugungi kunda 230 dan ziyod mamlakatu hududlarda, qariyb 400 tilda jaranglab eshitilmoqda. Bu xushxabarni «har xil millatdan, barcha qabilalar, xalqlar va tillardan bo‘lgan» Yahovaning Shohidlari g‘ayrat bilan va’z etmoqda (Vahiy 7:9). Ular, Muqaddas Kitob ta’limotini bilmoqchi bo‘lgan millionlab insonlar bilan Xudoning Kalomini bepul tadqiq qiladilar. Isoning «hamma sizdan nafratlanadi», degan so‘zlarini e’tiborga olsak, ularning bu faoliyatlari bir mo‘jiza deb atalishga loyiq (Luqo 21:17).

SIZ QANDAY YO‘L TUTASIZ?

15. a) Oxirzamonda yashayotganimizga ishonasizmi? Nega? b) «So‘ng» kelsa Yahovaga qarshi chiqqanlar bilan nima sodir bo‘ladi? Xudoning Shohligini qo‘llayotganlar bilan-chi?

15 Nahotki yuqorida keltirilgan Muqaddas Kitob dalillari, oxirzamonda yashayotganimizga sizni ishontirmasa? Yahovaning amri bilan xushxabar va’z qilinishi to‘xtatiladi va «o‘shandagina so‘ng bo‘ladi» (Matto 24:14). «So‘ng» so‘zi ostida, Xudoga qarshi chiqqanlar yer yuzidan yo‘q qilinishini nazarda tutadi. Yahova Taolo buni Hazrati Isoga hamda uning boshqaruvida bo‘lgan farishtalarga bajarishni buyuradi (2 Salonikaliklarga 1:6–9). Shayton bilan uning jinlari xalqlarni boshqa alday olmaydi. Xudoning Shohligini qo‘llayotganlar ustiga esa ulkan qut-barakalar yog‘diriladi (Vahiy 20:1–3; 21:3–5).

16. Oxirzamon paytida nima qilishingiz kerak?

16 Bu yovuz dunyo yo‘q bo‘lib ketar ekan, o‘zimizga shunday savol beraylik: «Men nima qilishim kerak?» Avvalambor, Yahova hamda Uning qonunlari to‘g‘risida bilim olishda davom eting (Yuhanno 17:3). Muqaddas Kitobni sinchiklab tadqiq qiling. Xudoning irodasini bajo keltirishga jon kuydirayotgan insonlar bilan yaqin hamkorlik qiling (Ibroniylarga 10:24, 25). Yahova ochib berayotgan haqiqatlarni tushunib, ularga yarasha hayotingizni o‘zgartirishga harakat qiling. Shu yo‘sin Xudoni mamnun qilgan bo‘lasiz (Yoqub 4:8).

17. Nega yovuz odamlarning boshiga keladigan kulfat nogahon bo‘ladi?

17 Ammo Hazrati Iso bashorat qilganiday, ko‘plar oxirzamon alomatlariga e’tiborsiz qaraydilar. Yovuz odamlarning boshiga nogahon kulfat keladi. «Kechasi o‘g‘ri qanday kelsa, mahshar kuni ham shunday keladi» (1 Salonikaliklarga 5:2). Iso Masih shunday deb ogohlantirar edi: «Nuh payg‘ambar davrida qanday bo‘lgan bo‘lsa, Inson O‘g‘li kelishida ham shunday bo‘ladi. To‘fongacha bo‘lgan kunlarda, to Nuh payg‘ambar kemaga kirgan kunigacha yeb-ichdilar, uylandilar, turmushga chiqdilar. Ular bo‘lg‘usi ofatdan bexabar yurganda, to‘fon kelib, hammasini qirib tashladi. Inson O‘g‘lining kelishi ham xuddi shunday bo‘ladi» (Matto 24:37–39).

18. Hazrati Isoning qaysi so‘zlariga jiddiy qarashimiz kerak?

18 Hazrati Iso shuni ham qo‘shib qo‘ydi: «O‘zingizni ehtiyot qiling! Aysh qilib, kayf surib, hayotning tashvishlari ostida bo‘g‘ilib, yuraklaringizni yog‘ bosmasin, tag‘in u kun nogahon boshga tushib sizni to‘rga ilintirmasin! Chunki u kun yer yuzida yashovchi har bir kishini bosib olajak. Shu sababdan doim hushyor bo‘linglar. Yuz berguvchi bu musibatlardan omon qolishga kuch topib, Inson O‘g‘li oldida turishga munosib bo‘lmoq uchun doimo ibodat qilinglar» (Luqo 21:34–36). Ushbu so‘zlarga jiddiy qarashimiz kerak. Nega deysizmi? Chunki Yahova Taolo hamda «Inson O‘g‘li», ya’ni Iso Masih oldida munosib bo‘lganlar bu yovuz dunyodan omon qolib, Xudoning yangi dunyosida abadiy yashaydilar. Bu vaqt esa juda yaqinlashib qoldi! (Yuhanno 3:16; 2 Butrus 3:13).

^ 4- x.b. Mikoil — bu aynan Iso Masihning boshqa ismi ekanini 218- va 219- sahifalardagi Ilovadan bilib olishingiz mumkin.