53-BOB
Tabiat kuchlarini boshqarishga qodir hukmdor
MATTO 14:22–36 MARK 6:45–56 YUHANNO 6:14–25
-
ODAMLAR ISONI SHOH ETIB TAYINLAMOQCHI
-
ISO SUV USTIDA YURADI VA SHAMOLNI TINCHLANTIRADI
Iso mo‘jizaviy tarzda minglarcha odamni to‘ydirganida, xalq hayratda qoladi. «U haqiqatan ham dunyoga kelishi kerak bo‘lgan payg‘ambar»,— deb aytishadi ular. Xaloyiq Isoni orzu qilingan hukmdor, ya’ni Masih deb hisoblaydi. (Yuhanno 6:14; Qonunlar 18:18) Shuning uchun, ular Isoni tutib olib, shoh qilishni rejalashtirishadi.
Biroq Iso ularning niyatini biladi. Shu bois, Iso xalqqa javob berib, shogirdlariga qayiqqa o‘tirishni buyuradi. Qiziq, shogirdlar qayerga yo‘l olishadi? Ular avval Baytsayda, keyin esa Kafarnahum tomonga suzib ketishadi. Isoning o‘zi esa tun bo‘yi yolg‘iz ibodat qilish uchun tog’ga chiqib ketadi.
Tong otishdan oldin oy nurida Iso uzoqdan qayiqni ko‘radi. Dengizda to‘lqinlar ko‘tariladi va havoriylarning «qarshisidan kuchli shamol esayotgani uchun» ular qayiqni zo‘rg‘a haydashadi. (Mark 6:48) Iso tog‘dan tushadi-da, to‘lqinlar ustida yurib shogirdlari tomon boradi. Bu paytda qayiq sohildan «qariyb besh yoki olti kilometr» uzoqda bo‘ladi. (Yuhanno 6:19) Shogirdlar, ularning oldidan go‘yo o‘tib ketmoqchiday bo‘lgan Isoni ko‘rib, qo‘rqqanidan: «Bu sharpa!» — deb baqirib yuborishadi. (Mark 6:49)
«Dadil bo‘linglar, bu menman. Qo‘rqmanglar!» — deya Iso ularni tinchlantiradi. Ammo Butrus javoban: «Hazratim, agar bu siz bo‘lsangiz, menga buyuring, men ham suv ustida yurib yoningizga boray»,— deb aytadi. Iso unga: «Keling!» — deydi. Shunda Butrus qayiqdan chiqib, suv ustida yurgancha Iso tomon qadam bosadi. Biroq qattiq shamolni ko‘rib, Butrus qo‘rqqanidan cho‘ka boshlaydi va Isoga: «Hazratim, meni qutqaring!» — deya hayqiradi. Iso shu ondayoq qo‘lini cho‘zib, uni ushlab oladi-da: «Eh, imoni sust, nega shubhalandingiz?» — deydi. (Matto 14:27–31)
Butrus va Iso qayiqqa tushishganidan so‘ng shamol tinchiydi. Shogirdlar hayratda. Lekin ular hayratda qolishi kerakmi? Agar «nonlar bilan nima yuz berganini», ya’ni bir necha soat oldin Iso minglarcha odamni to‘ydirganida yaratgan mo‘jizaning ma’nosini tushunishganida edi, u suv ustida yurganidan va shamolni tinchlantirganidan hayratda qolishmasdi. Endi esa ular tiz cho‘kib, Isoga: «Chindan ham siz Xudoning O‘g‘li ekansiz»,— deyishadi. (Mark 6:52; Matto 14:33)
Qisqa vaqtdan keyin, ular Kafarnahum janubida joylashgan go‘zal va hosildor Genisaret hududiga yetib kelishadi. Ular langar tashlab, sohilga tushishadi. Odamlar Isoni tanib qolishadi va tevarak-atrofdagi boshqa odamlarni chaqirtirib, kasallarni uning oldiga olib kelishadi. Kasallar Isoning ustki kiyimining popugiga qo‘l tekkizishlari bilanoq dardlaridan butunlay xalos bo‘lishadi.
Ayni paytda Isoning mo‘jizaviy tarzda xaloyiqni to‘ydirganiga guvoh bo‘lganlar uning ketganidan xabar topishadi. Shuning uchun, ular Tiveriyadan kelgan boshqa qayiqlarga o‘tirishadi-da, Isoni izlash uchun Kafarnahumga suzib ketishadi. Uni topganlaridan so‘ng, ular shunday deya so‘rashadi: «Ustoz, siz bu yerga qachon keldingiz?» (Yuhanno 6:25) Lekin Iso o‘rinli tarzda ularni koyib beradi. Bu haqda esa keyingi bobdan bilib olamiz.