Shohlar uchinchi kitob 1:1-53

  • Dovud va Obisha (1-4)

  • Odoniyo taxtga o‘tirmoqchi bo‘ladi (5-10)

  • Natan bilan Botsheva chora ko‘radi (11-27)

  • Sulaymon shoh etib tayinlanadi (28-40)

  • Odoniyo qurbongoh yoniga qochib boradi (41-53)

1  Shoh Dovud keksayib+, umri ham oxirlab qolgan edi. Ustiga ko‘rpa yopishsa ham, hech isina olmas edi.  Shunda xizmatkorlari unga: «Hazratimizning xizmatlarida bo‘lib, parvarish qilishi uchun bir bokira qiz topib kelaylik. U shoh hazratimizning qo‘ynida yotib, shohimizni isitsin»,— deb aytishdi.  Shunday qilib, ular butun Isroil hududi bo‘ylab go‘zal qiz izlashdi va oxiri shunamlik+ Obishani+ topib, shoh huzuriga olib kelishdi.  Qiz juda go‘zal edi. U shohni parvarish qilib, uning xizmatida bo‘ldi. Ammo shoh qiz bilan jinsiy aloqa qilmadi.  Ayni paytda Xaggit o‘g‘li Odoniyo+: «Men shoh bo‘laman!» — deya o‘zini katta ola boshladi. U o‘zi uchun arava yasatib, chavandozlar va 50 ta qo‘riqchi* to‘pladi+.  Otasi bo‘lsa hech qachon: «Nega bunday qilyapsan?» — deb uni tergamas edi. Odoniyo Absalomning ukasi bo‘lib, qaddi-qomati kelishgan yigit edi.  U Zeruyaning o‘g‘li Yo‘ab va ruhoniy Abuatar+ bilan til biriktirdi. Ular Odoniyo tomoniga o‘tib, uni qo‘llab-quvvatlaydigan bo‘lishdi+.  Biroq ruhoniy Zodo‘x+, Yohayido o‘g‘li Binayo+, Natan+ payg‘ambar, Shimey+, Rey hamda Dovudning kuchli jangchilari+ Odoniyoning tarafiga o‘tishmadi.  Odoniyo En-Ro‘g‘ol yaqinidagi Zo‘xalat toshi yonida qo‘y, qoramol va bo‘rdoqilarni qurbonlikka keltirib+, hamma aka-ukalari — shahzodalarni hamda shoh xizmatidagi barcha yahudiylarni taklif qildi. 10  Natan payg‘ambarni, Binayoni, Dovudning kuchli jangchilarini va ukasi Sulaymonni esa taklif qilmadi. 11  Shunda Natan+ Sulaymonning onasi+ Botshevaga+ dedi: «Xaggitning o‘g‘li Odoniyo+ shoh bo‘lganini eshitdingizmi? Hazratimiz Dovudning esa bundan xabarlari yo‘q. 12  Keling, sizga bir maslahat berayin. Bu tufayli ham o‘zingizning, ham o‘g‘lingiz Sulaymonning jonini saqlab qolasiz+. 13  Shoh Dovudning oldiga borib: “Hazrati oliylari, cho‘ringizga: “Mendan keyin o‘g‘ling Sulaymon shoh bo‘ladi. U taxtimga o‘tiradi”,— deya ont ichgan emasmidingiz?!+ Nega unda Odoniyo shoh bo‘ldi?” — deb ayting. 14  Siz shoh bilan gaplashib turganingizda, men ham ichkariga kirib, so‘zlaringizni tasdiqlayman». 15  Botsheva borib, shohning yotoqxonasiga kirdi. Shoh qartayib qolgan bo‘lib, shunamlik Obisha+ uning xizmatida edi. 16  Botsheva yergacha egilib shohga ta’zim qildi. Shoh unga: «Tila tilagingni»,— deb aytdi. 17  Botsheva javoban dedi: «Hazrati oliylari, axir siz cho‘ringizga Tangringiz Yahova haqqi ont ichib: “Mendan keyin o‘g‘ling Sulaymon shoh bo‘ladi. U mening taxtimga o‘tiradi”+,— degan edingiz-ku. 18  Endi bo‘lsa Odoniyo shoh bo‘lib olibdi. Shoh hazratlarining esa bundan xabarlari yo‘q+. 19  U bir talay buqa, bo‘rdoqi va qo‘ylarni qurbonlikka keltirib, barcha shahzodalarni, ruhoniy Abuatar bilan lashkarboshi Yo‘abni taklif qilibdi+. O‘g‘lingiz Sulaymonni esa taklif qilmabdi+. 20  Hozir esa, hazrati oliylari, butun Isroil sizga ko‘z tikib, sizdan keyin taxtga kim o‘tirishini o‘zingiz aytishingizni kutyapti. 21  Aks holda, hazratim hayotdan ko‘z yumishlari bilanoq, men va o‘g‘lim Sulaymon xoin bo‘lib chiqamiz». 22  Botsheva hali shoh bilan gaplashayotganda, Natan payg‘ambar kirib keldi+. 23  Shu zahotiyoq shohga: «Natan payg‘ambar keldi»,— deb aytishdi. Natan shohning oldiga kirdi-da, yergacha egilib ta’zim qilib, dedi: 24  «Shoh hazratlari, siz: “Mendan keyin Odoniyo shoh bo‘ladi. U mening taxtimga o‘tiradi”,— deb aytgan edingizmi?+ 25  Bugun u bir talay buqa, bo‘rdoqi va qo‘ylarni qurbonlikka keltirib+, barcha shahzodalar, lashkarboshilar hamda ruhoniy Abuatarni taklif qilgan+. Ular Odoniyo bilan birga yeb-ichib: “Yashasin shoh Odoniyo!” — deb xitob qilishyapti. 26  Men, xizmatkoringizni, ruhoniy Zodo‘xni, Yohayido o‘g‘li Binayoni+ va o‘g‘lingiz Sulaymonni esa chaqirmadi. 27  Agar shoh hazratlari bunga ruxsat bergan bo‘lsalar, unda o‘zlaridan keyin taxtga kim o‘tirishini men, xizmatkoriga aytmagan ekanlar-da?!» 28  Shoh Dovud: «Botshevani yonimga chaqiringlar»,— dedi. U darhol qaytib kirdi va shohning oldiga kelib turdi. 29  Shoh unga ont ichib, shunday dedi: «Meni barcha kulfatlardan xalos etgan barhayot Xudo Yahova+ haqqi qasam ichib aytyapman. 30  Men senga: “Mendan keyin o‘g‘ling Sulaymon shoh bo‘ladi. U mening taxtimga o‘tiradi!” — deb Isroil Xudosi Yahova haqqi ichgan ontimni shu bugunoq amalga oshiraman». 31  Buni eshitib, Botsheva yergacha egilib shohga ta’zim qildi-da: «Hazratim shoh Dovudning umrlari uzoq bo‘lsin!» — dedi. 32  Shu zamon shoh Dovud: «Ruhoniy Zodo‘xni, Natan payg‘ambarni va Yohayido+ o‘g‘li Binayoni+ oldimga chaqiringlar»,— deb buyurdi. Ular shoh huzuriga kelishdi. 33  Shoh ularga dedi: «Yoningizga xo‘jayiningiz xizmatkorlarini olinglar-da, o‘g‘lim Sulaymonni mening xachirimga o‘tirg‘izib+, Gixo‘nga+ boshlab boringlar. 34  Ruhoniy Zodo‘x bilan Natan payg‘ambar uni moylab+, Isroil ustidan shoh etib tayinlashsin. So‘ng burg‘u chalib: “Yashasin shoh Sulaymon!” — deb jar solishsin+. 35  Keyin esa unga ergashib orqaga qaytinglar. Sulaymon taxtimga o‘tirib, o‘rnimga shoh bo‘ladi. Men uni Isroil va Yahudo ustidan boshqaruvchi etib tayinlayman». 36  Bunga javoban Yohayido o‘g‘li Binayo shohga dedi: «Shunday bo‘lsin*! Shoh hazratlarining Tangrisi Yahova bu so‘zlarni ro‘yobga chiqarsin. 37  Yahova shoh hazratlariga yor bo‘lganiday, Sulaymonga ham yor bo‘lsin+. Uning taxtini hazratim shoh Dovud taxtidan ham yuksak qilsin»+. 38  Ruhoniy Zodo‘x, Natan payg‘ambar, Yohayido o‘g‘li Binayo+ va tansoqchilar*+ borib, Sulaymonni shoh Dovudning xachiriga mindirishdi-da+, Gixo‘nga+ boshlab ketishdi. 39  Ruhoniy Zodo‘x moy to‘ldirilgan shoxni chodirdan+ olib+, Sulaymonni moyladi+. So‘ng burg‘u chalindi va butun xalq: «Yashasin shoh Sulaymon!» — deya xitob qildi. 40  Shundan keyin butun xalq nay chalib, katta quvonch bilan uning orqasidan ergashdi. Ularning hayqirig‘idan yer larzaga keldi+. 41  Odoniyo va hamma taklif etilganlar hayqiriqni eshitishganda, taomni endigina yeb bo‘lishgan edi+. Yo‘ab burg‘u ovozini eshitiboq: «Shaharda nega buncha shovqin bo‘lyapti?» — dedi. 42  U hali gapini tugatmasidan, ruhoniy Abuatarning o‘g‘li Yo‘natan+ kelib qoldi. Odoniyo unga: «Kel, sen yaxshi odamsan, yaxshi xabar olib kelgan bo‘lsang kerak»,— deb aytdi. 43  Yo‘natan bo‘lsa Odoniyoga shunday javob berdi: «Yaxshi xabar keltirganim yo‘q! Hazratimiz shoh Dovud Sulaymonni podshoh etib tayinladi. 44  Shoh Dovud Sulaymon bilan birga ruhoniy Zodo‘xni, Natan payg‘ambarni, Yohayido o‘g‘li Binayoni va tansoqchilarni yubordi. Ular uni shohning xachiriga mindirib+, 45  Gixo‘nga olib borishdi. O‘sha yerda ruhoniy Zodo‘x bilan Natan payg‘ambar uni moylab, shoh etib tayinlashdi. Keyin hamma xursandchilik bilan orqaga qaytdi. Shu sababli shaharda g‘ala-g‘ovur ko‘tarildi. Sizlarga eshitilgan shovqin shu edi. 46  Hozir Sulaymon shohning taxtida o‘tiribdi. 47  Bundan tashqari, shohimiz Dovudning xizmatkorlari uni tabriklab: “Tangringiz Sulaymonning ismini siznikidan ham ulug‘, taxtini sizning taxtingizdan ham yuksak qilsin!” — deyishdi. Shoh esa o‘z to‘shagida boshini egib, ta’zim qildi. 48  So‘ngra u: “Isroil Xudosi Yahovaga madhlar bo‘lsin! U bugun o‘g‘limni taxtimga o‘tirg‘izib, buni o‘z ko‘zim bilan ko‘rishga muyassar etdi!” — dedi». 49  Odoniyo taklif qilgan mehmonlarning bari buni eshitib qo‘rqib ketdi va tumtaraqay bo‘ldi. 50  Odoniyo ham Sulaymondan qo‘rqqanidan o‘rnidan turdi-da, qochib borib qurbongohning shoxidan mahkam ushlab oldi+. 51  Sulaymonga: «Odoniyo shoh Sulaymondan qo‘rqqanidan qurbongohning shoxidan mahkam ushlab olib: “Shoh Sulaymon xizmatkorini qilichdan o‘tkazmayman, deb avval ont ichsin”,— deb aytyapti»,— degan xabar yetdi. 52  Shunda Sulaymon: «Agar u o‘zini yaxshi tutsa, boshidan bir tola ham soch tushmaydi. Bordi-yu, ichida biron yomonlik bor bo‘lsa, o‘ldiriladi»+,— dedi. 53  Shoh Sulaymon Odoniyoni qurbongohdan olib kelish uchun odam yubordi. Odoniyo kelib, unga ta’zim qildi. Sulaymon Odoniyoga: «Uyingga ketaver»,— deb aytdi.

Izohlar

So‘zma-so‘z «oldida yuguradigan 50 ta odam».
Yoki «Omin».
So‘zma-so‘z «xaretiylar bilan palatiylar».