Havoriylar 10:1-48

  • Korniliyga farishta gapiradi (1-8)

  • Butrus vahiy ko‘radi (9-16)

  • Butrus Korniliynikiga boradi (17-33)

  • Butrus o‘zga xalq vakillariga xushxabar aytadi (34-43)

    • «Xudo yuzxotirchilik qilmas ekan» (34, 35)

  • O‘zga xalq vakillariga muqaddas ruh tushadi va ular suvga cho‘madi (44-48)

10  Kesariyada Korniliy ismli bir kishi yashardi. U «Italyan bo‘linmasi»* deb atalgan harbiy bo‘linmaning yuzboshisi edi.  Bu kishi oilasi bilan birga Allohga topinar, xalqga ko‘p sadaqa berar va tinmay Xudoga iltijo qilardi.  Bir mahal, kunduzi soat uchlarda*+ u vahiy ko‘rdi. Vahiyda Tangrining bir farishtasi uning yoniga kirib kelgani aniq ko‘rindi. Farishta unga: «Korniliy!» — dedi.  Korniliy farishtaga tikilib qaradi-da, qo‘rqib ketib: «Labbay, Hazratim!» — deb javob berdi. Farishta unga shularni aytdi: «Qilgan ibodat-u xayr-sadaqalaring Alloh huzurida ijobat bo‘ldi+.  Endi Yaffaga odam yubor-da, Butrus deb atalmish Simunni chaqirtir.  Hozir u dengiz bo‘yida yashaydigan charm tayyorlovchi Simunnikida mehmon bo‘lib turibdi».  Unga gapirgan farishta ketishi bilanoq, Korniliy xizmatkorlaridan ikkitasini hamda qo‘li ostida bo‘lgan xudojo‘y bir askarni chaqirdi-da,  bo‘lib o‘tganlarni aytib berib, ularni Yaffaga jo‘natdi.  Ertasiga o‘sha odamlar shaharga yaqinlashib kelayotganda, kunduzi soat o‘n ikkilarda* Butrus ibodat qilish uchun tomga chiqqan edi. 10  Uning qorni juda och qolib, biror narsa yegisi keldi. Uyda ovqat tayyorlashayotgan paytda, u bir vahiy ko‘rdi+. 11  Vahiyda osmon ochilib, yegulikka to‘la dasturxonga o‘xshash bir narsa to‘rt uchidan osilib yerga tushayotganini ko‘rdi. 12  Ichida yerda yashaydigan har xil chorva, sudralib yuruvchi jonivorlar-u samoviy qushlar bor edi. 13  Farishta unga: «Butrus, qani tur, bularni so‘yib yeyaver!» — dedi. 14  Butrus esa: «Aslo Hazratim, men nopok va harom narsani+ umuman og‘zimga olmaganman»,— deya javob berdi. 15  Farishta unga ikkinchi marta gapirib: «Bas endi! Xudo halol qilgan narsani harom dema»,— deb aytdi. 16  Farishta unga uchinchi marta gapirgandan so‘ng, dasturxonga o‘xshash o‘sha narsa darhol osmonga ko‘tarilib ketdi. 17  Butrus ko‘rgan narsalarining ma’nosini tushunmay hayron bo‘lib o‘tirganda, Korniliy yuborgan odamlar Simunning uyini surishtirib darvoza oldiga kelib to‘xtashdi+. 18  Keyin baland ovozda: «Butrus deb atalmish Simun shu yerdami?» — deya so‘rashdi. 19  Butrus ko‘rgan vahiysi haqida o‘ylab o‘tirganda, muqaddas ruh+ unga shunday dedi: «Qara, uch kishi seni izlab keldi. 20  Endi o‘rningdan turib pastga tush-da, ular bilan birga bor. Hecham ikkilanma, chunki ularni men yubordim». 21  Shunday qilib, Butrus pastga tushdi-da, o‘sha kishilardan: «Sizlar axtarib kelgan kishi men bo‘laman. Xo‘sh, nima maqsadda keldingiz?» — deb so‘radi. 22  Ular Butrusga javoban shunday deyishdi: «Bizni yuzboshi Korniliy+ jo‘natdi. U kishi odil, xudotars, yahudiy xalqi orasida yaxshi nom orttirgan. Allohning muqaddas farishtasi unga, sizni o‘z uyiga chaqirtirib, so‘zlaringizga quloq solishni buyurdi». 23  So‘ng Butrus o‘sha odamlarni ichkariga taklif etib mehmon qildi. Ertasiga u o‘rnidan turib, ular bilan birga yo‘lga chiqdi. Yaffalik birodarlardan ayrimlari ham unga qo‘shilib ketishdi. 24  Keyingi kun ular Kesariyaga kirib kelishdi. Korniliy esa qarindosh-u yaqin do‘stlarini chaqirib, ularni kutib turgandi. 25  Butrus uyga kirishi bilan Korniliy uni qarshi oldi va tiz cho‘kib unga ta’zim qildi. 26  Ammo Butrus: «Turing, axir men ham sizga o‘xshagan odamman-ku»+,— deb uni turg‘izib qo‘ydi. 27  Ular gaplashib ichkariga kirishganida, Butrus uyda ancha odam yig‘ilganini ko‘rdi. 28  Ularga murojaat qilib u shunday dedi: «O‘zlaringiz yaxshi bilasizlarki, yahudiy kishining boshqa xalq vakili bilan muloqot qilishi qonunga ziddir+. Lekin Tangri hech kimni nopok va harom deb hisoblamaslik kerakligini menga ko‘rsatdi+. 29  Shu bois meni chaqirtirishganda sira e’tiroz bildirmay keldim. Endi aytinglar-chi, nimaga meni chaqirtirdingizlar?» 30  Bunga javoban Korniliy shunday dedi: «To‘rt kun oldin aynan shu vaqtda, kunduzi soat uchlarda uyimda ibodat qilayotgandim. To‘satdan oldimda porloq kiyim kiygan bir kishi paydo bo‘lib, 31  menga mana bu so‘zlarni aytdi: “Korniliy, qilgan ibodat-u xayr-sadaqalaring Alloh huzurida ijobat bo‘ldi. 32  Endi Yaffaga odam yubor-da, Butrus deb atalmish Simunni chaqirtir. Hozir u dengiz bo‘yida yashaydigan charm tayyorlovchi Simunnikida mehmon bo‘lib turibdi”+. 33  Shu sababdan, darhol sizni chaqirtirib kelish uchun odam yubordim. Kelganingiz yaxshi bo‘ldi. Endi hammamiz Tangri oldida turib Yahova* sizga buyurgan barcha gaplarni tinglashga tayyormiz». 34  Butrus shunday deb so‘z boshladi: «Endi tushundim, Xudo yuzxotirchilik qilmas ekan+. 35  Ammo Undan qo‘rqib, to‘g‘ri yo‘l tutgan har bir kishini U millatiga qaramay qabul qilarkan+. 36  U Isroil o‘g‘illariga kalomini yuborib, ularga Iso Masih orqali tinchlik xushxabarini+, ya’ni u hammaning Hazrati+ ekani haqidagi xabarni e’lon qildi. 37  Yahyo payg‘ambar suvga cho‘mishni va’z qilib yurgandan keyin, Jaliladan+ boshlab butun Yahudiya o‘lkasi bo‘ylab nima haqda so‘z tarqalganligini o‘zlaringiz ham bilasiz. 38  Alloh nosiralik Isoni muqaddas ruhi+ hamda qudrati bilan Masih qilib tayinladi va u Iblis azob bergan odamlarni davolab+, butun yurt bo‘ylab barchaga yaxshilik qilib yurardi, chunki Xudo u bilan edi+. 39  Uning Yahudiya o‘lkasi va Quddusda qilgan hamma ishlariga bizlar guvohmiz. Biroq ular Isoni ustunga osib o‘ldirishdi. 40  Uch kundan keyin Tangri ushbu zotni tiriltirib+, boshqalarga ko‘rinish imkoniyatini berdi. 41  Lekin hammaga emas, faqatgina Alloh tomonidan oldindan tayinlangan shohidlarga, ya’ni tirilganidan keyin u bilan birga yeb-ichgan bizlarga ko‘rindi+. 42  Shuningdek, Tangri bu zotni tirig-u o‘liklarni hukm qiluvchi etib tayinlagan+. Bu haqda odamlarga va’z qilib, keng shohidlik berishni bizga Isoning o‘zi buyurgan+. 43  Unga ishongan har bir insonning gunohlari uning ismi orqali kechirilishi to‘g‘risida+ barcha payg‘ambarlar shohidlik qilishgan»+. 44  Butrus gapirayotgan paytda, uning so‘zlarini tinglab o‘tirganlarning bariga muqaddas ruh tushdi+. 45  U bilan birga kelgan sunnatli birodarlar, o‘zga xalq vakillariga ham muqaddas ruh tushganini ko‘rib qoyil qolishdi. 46  Chunki ularning boshqa tillarda gapirib, Xudoni ulug‘lashayotganini eshitishdi+. Shundan so‘ng Butrus: 47  «Biz kabi muqaddas ruhga ega bo‘lgan bu kishilarning suvga cho‘mishiga kim to‘sqinlik qila oladi?!»+ — dedi. 48  Keyin ularga Iso Masih nomi bilan suvga cho‘mishni buyurdi+. Ular esa Butrusdan bir necha kun mehmon bo‘lishni iltimos qilishdi.

Izohlar

Yoki «kogorta». 600 kishidan iborat Rim otryadi.
So‘zma-so‘z «kunning to‘qqizinchi soatida».
So‘zma-so‘z «kunning oltinchi soatida».