Havoriylar 3:1-26
3 Bir kuni Butrus bilan Yuhanno ibodat mahali — kunduzi soat uchlarda* ma’badga borishayotganda,
2 odamlar tug‘ma cho‘loq kishini ko‘tarib ketishayotgan edi. Bu odamni ma’badga kirayotganlardan sadaqa so‘rasin deya, har kuni ma’badning Go‘zal degan darvozasi yonida qoldirib ketishardi.
3 U Butrus bilan Yuhannoning ma’badga kirmoqchi bo‘lib turganini ko‘rib, ulardan sadaqa so‘ray boshladi.
4 Lekin Butrus va Yuhanno unga ko‘z tikib: «Bizlarga qarang»,— deyishdi.
5 U kishi biror narsa olish niyatida ularga tikilib qaradi.
6 Shunda Butrus: «Menda kumush ham, oltin ham yo‘q. Ammo o‘zimda borini sizga beraman: nosiralik Iso Masih nomidan sizga aytaman, o‘rningizdan turib yuring!»+ — dedi-da,
7 uning o‘ng qo‘lidan ushlab turg‘izdi+. Shu zahotiyoq u kishining tizzalari-yu to‘piqlari mustahkamlanib qoldi+.
8 U dik etib turdi-da+, yura boshladi va Xudoni madh etib, irg‘ib-sakrab yurgancha, ular bilan birga ma’badga kirdi.
9 Butun xaloyiq uning Allohga hamd-u sano aytib yurganini ko‘rdi.
10 Ular bu odam ma’badning Go‘zal darvozasi yonida sadaqa so‘rab o‘tirgan o‘sha kishi ekanini tanib+, u bilan yuz bergan voqeadan g‘oyat ajablanishdi.
11 Bu kishi Butrus bilan Yuhannodan ayrilmay yurgani uchun, butun xalq hayron qolib ularning yoniga yugurib keldi. U yer Sulaymon ravoqi+ deb nomlanardi.
12 Buni ko‘rib, Butrus xaloyiqga shunday dedi: «Isroilliklar, nega hayron bo‘lyapsizlar? Go‘yo biz bu kishini o‘z kuchimiz bilan yoki xudojo‘yligimiz tufayli oyoqga turg‘izganimizdek, nimaga bizga tikilib turibsizlar?
13 Ota-bobolarimizning Xudosi, Ibrohim, Is’hoq va Yoqubning Tangrisi+ O‘z Xizmatkori Isoni yuksaltirdi+. Sizlar bo‘lsa uni o‘limga topshirib+, Pilat uni ozod qilmoqchi bo‘lganida, uning oldida Isodan voz kechdingizlar.
14 Ha, sizlar muqaddas va odil insondan yuz o‘girib, qotilga rahm ko‘rsatishni so‘radingizlar+.
15 Hayotga yetaklovchi Rahbarni+ esa o‘ldirdingizlar. Ammo Alloh uni tiriltirdi va biz bunga guvohmiz+.
16 Natijada sizlar ko‘rib va tanib turgan bu kishi uning ismi orqali, ya’ni uning ismiga bo‘lgan ishonchimiz tufayli kuchga kirdi. Iso orqali ega bo‘lgan imonimiz bu odamni barchangizning ko‘z o‘ngingizda soppa-sog‘ qilib qo‘ydi.
17 Lekin birodarlar, boshliqlaringiz singari+ sizlar ham bilmasdan+ shunday yo‘l tutganingizdan xabardorman.
18 Biroq shu tariqa, Tangri Masihning azob chekishi haqida barcha payg‘ambarlari orqali avvaldan aytganlarini amalga oshirdi+.
19 Shunday ekan, gunohlaringiz yuvilishi uchun+ tavba qilib+, Xudoga qaytinglar+. Toki Yahovaning* O‘zi tetiklik baxsh etadigan vaqtni keltirsin.
20 Shuningdek, U sizlar uchun tayinlangan Iso Masihni yuborsin.
21 Masih esa Alloh qadimgi muqaddas payg‘ambarlari orqali barcha aytganlarini o‘z o‘rniga qo‘yadigan vaqtgacha osmonda bo‘ladi.
22 Muso payg‘ambar shunday degan: “Xudoyingiz Yahova* o‘z birodarlaringiz orasidan menga o‘xshagan payg‘ambarni keltirib chiqaradi+. Uning barcha aytganlariga quloq solinglar+.
23 Bu payg‘ambarga quloq solmagan har bir kishini esa Xudo yo‘q qiladi”+.
24 Xullas, Shomuildan boshlab, undan keyingi barcha payg‘ambarlar o‘sha kunlar to‘g‘risida ochiqchasiga gapirishgan+.
25 Sizlar payg‘ambarlarning o‘g‘illari, Alloh ota-bobolaringiz bilan qilgan ahdning merosxo‘rlarisiz+. Tangri Ibrohim payg‘ambar bilan ahd qilib: “Sening zurriyoting* orqali yer yuzidagi barcha xalqlar baraka topadi”+,— degan edi.
26 Xudo foydangizni ko‘zlab, har biringizni yovuz ishlaringizdan qaytarish uchun O‘z Xizmatkorini tayinlab, uni avvalo sizlarga yubordi»+.