Ibtido 18:1-33

  • Ibrohimnikiga uchta farishta keladi (1-8)

  • Soraga o‘g‘il va’da qilinadi, u kuladi (9-15)

  • Ibrohim Sado‘m uchun so‘raydi (16-33)

18  Shundan so‘ng, Yahova+ Mamreda o‘sadigan ulkan daraxtlar orasida+ Ibrohimga zohir bo‘ldi. Ibrohim kun qizib turgan mahalda, chodirning kiraverishida o‘tirgan edi.  Ibrohim boshini ko‘tarib qarasa, sal narida uch kishi turgan ekan+. Bu kishilarni ko‘rishi bilan u o‘rnidan turib, ularni kutib olish uchun yugurib bordi-da, yergacha egilib ularga ta’zim qildi.  Keyin u quyidagilarni aytdi: «Yahova*, agar men Sening iltifotingga sazovor bo‘lgan bo‘lsam, iltimos, xizmatkoringning yonidan o‘tib ketma.  Ozgina suv olib kelib, oyoqlaringizni yuvib qo‘yishga+ ijozat beringlar, so‘ng daraxtning tagida yonboshlanglar.  Bu yerga, xizmatkoringizning oldiga kelgan ekansizlar, quvvatlanib olishingiz uchun* non olib kelishimga ijozat beringlar. Ana undan keyin yo‘lingizda davom etaverasizlar». Bunga ular: «Mayli, aytganingizday qila qoling»,— deb aytishdi.  Shunda Ibrohim shoshilib chodirga, Soraning oldiga kirdi-da, unga: «Tezroq! Uch o‘lchov* yaxshi undan olib, xamir qilgin va non yopgin»,— dedi.  Keyin Ibrohim poda tomonga chopib bordi-da, yaxshi bir buzoqni tanlab olib, xizmatkoriga berdi va u tezda buzoqni tayyorlashga kirishdi.  So‘ng Ibrohim sariyog‘, sut va pishirilgan buzoq go‘shtini olib kelib, ularning oldiga qo‘ydi. O‘zi bo‘lsa, ular ovqatlanayotganda daraxtning tagida, ularning yonida turdi+.  Ular Ibrohimdan: «Xotiningiz Sora+ qayerda?» — deb so‘rashdi. Bunga u: «Shu yerda, chodirda»,— deb javob qaytardi. 10  Ulardan biri gapini davom ettirib: «Men kelasi yil, aynan shu paytda qaytib kelaman. O‘shanda xotining Sora o‘g‘il ko‘rgan bo‘ladi»+,— deb aytdi. Sora esa chodirning kiraverishida, o‘sha kishining orqa tomonida bu gaplarni eshitib turgan edi. 11  Ibrohim bilan Sora juda keksayib qolishgan edi+. Sora bola tug‘ish yoshidan o‘tgandi*+. 12  Shu bois, Sora ichida kulib: «Men ham, xo‘jayinim ham qarib qolgan bo‘lsak, nahotki menga shunday baxt nasib etsa?!» — dedi+. 13  Keyin Yahova Ibrohimdan so‘radi: «Nima uchun Sora: “Qariganimda qanday qilib bola tug‘aman?” — deb kuldi? 14  Yahova uchun imkonsiz narsaning o‘zi bormi?+ Men kelasi yil, aynan shu paytda qaytib kelaman. O‘shanda Sora o‘g‘illi bo‘ladi». 15  Ammo Sora qo‘rqib ketganidan: «Men kulganim yo‘q!» — deb inkor etdi. Xudo unga: «Yo‘q, sen kulding!» — dedi. 16  Keyin o‘sha kishilar o‘rinlaridan turib, Sado‘m tomonga qarab ketishdi+ va Ibrohim ularni kuzatib qo‘ydi. 17  Shunda Yahova quyidagilarni aytdi: «Men nima qilmoqchi ekanimni Ibrohimdan yashirmayman+. 18  Ibrohimdan kuchli va buyuk xalq kelib chiqadi va yer yuzidagi barcha xalqlar u orqali baraka topadi+. 19  U o‘g‘illarini hamda barcha avlodlarini to‘g‘ri va adolatli ishlarni qilishga hamda Yahovaning yo‘lidan yurishga o‘rgatishi uchun, Men Ibrohimni O‘zimga yaqin tutdim+. Shunda Men, Yahova, Ibrohimga nimaiki va’da qilgan bo‘lsam, bajaraman». 20  So‘ng Yahova: «Sado‘m va G‘amo‘raning gunohi juda ham og‘ir. Ulardan norozi bo‘layotganlarning faryodini eshitdim+. 21  Qani, pastga tushib ko‘ray-chi, Menga eshitilgan faryodlar rostmikan va ularning qilayotgan ishlari chindan ham shunchalik yovuzmikan. Men buni bilmoqchiman»+,— dedi. 22  Shundan keyin, o‘sha kishilar* Sado‘m tomonga qarab ketishdi, ammo Yahova+ Ibrohim bilan qoldi. 23  Ibrohim Uning oldiga borib, shunday dedi: «Nahotki odil insonlarni yovuzlar bilan birga yo‘q qilib yuborsang?+ 24  Balki o‘sha shaharda 50 ta odil kishi bordir. Ularni ham boshqa odamlar bilan birga yo‘q qilasanmi? Sen o‘sha 50 ta odil inson uchun bu joyga rahm qilmaysanmi? 25  Odil insonni yovuz bilan yo‘q qilishingga, odil kishi bilan ham, yovuz kishi bilan ham bir xil yo‘l tutishingga aql bovar qilmaydi!+ Sen hech qachon bunday yo‘l tutmaysan+. Axir butun yer yuzining Hakami adolatsizlik qila oladimi?!»+ 26  Bunga Yahova: «Agar Sado‘mda 50 ta odil kishini topsam, ular uchun butun shaharga rahm qilaman»,— dedi. 27  Ibrohim bo‘lsa, yana shunday dedi: «Men tuproq va kul bo‘lishimga qaramay, Yahova bilan gaplashishga jur’at etdim. Iltimos, gapimni eshit. 28  Bordi-yu, u yerda 50 ta emas, 45 ta odil kishi topilsa-chi? Shu beshta kishini deb, butun shaharni qirib tashlaysanmi?» Bunga Tangri: «Agar 45 kishini topsam, u yerni yo‘q qilmayman»+,— dedi. 29  Ammo Ibrohim yana Unga murojaat etib: «Ehtimol, u yerda 40 ta topilar»,— deb aytdi. Xudo unga javoban: «Shu 40 kishi uchun ham u yerni xarob qilmayman»,— dedi. 30  Lekin Ibrohim gapini davom ettirib: «Yahova, iltimos, g‘azabing kelmasin+, gapirishimga ijozat ber. Bordi-yu, u yerda 30 kishi topilsa-chi?» — dedi. Alloh unga: «Agar 30 kishini topsam, u yerni xarob qilmayman»,— deb javob qaytardi. 31  Biroq Ibrohim yana Unga murojaat qilib: «Men Yahovaga gapirishga jur’at etdim. Iltimos, gapimni eshit. Balki, u yerda 20 ta topilar»,— deb aytdi. Tangri unga javoban: «Shu 20 ta kishi uchun ham u yerni yo‘q qilmayman»,— dedi. 32  Oxiri Ibrohim: «Yahova, iltimos, g‘azabing kelmasin, yana bir marta gapirishimga ijozat ber. Ehtimol, u yerda atigi o‘n kishi topilar»,— dedi. Alloh unga: «Shu o‘nta kishi uchun ham u yerni vayron qilmayman»,— deb javob berdi. 33  Yahova Ibrohim bilan gaplashib bo‘lganidan so‘ng, uning yonidan ketdi+. Ibrohim bo‘lsa chodiriga qaytdi.

Izohlar

Ibrohim Yahovaning farishtasiga, Yahovaning O‘ziga murojaat qilganday gapirgan.
So‘zma-so‘z «yuragingizni quvvatlantirish uchun».
So‘zma-so‘z «uch sexa». Bir sexa=7,33 l. Ilovaning B14 mavzusiga q.
So‘zma-so‘z «ayollarga xos jarayon Sorada to‘xtagan edi».
Ehtimol, ulardan ikkitasi.