Matto 9:1-38
9 O‘shandan keyin Iso qayiqqa o‘tirib, boshqa tomonga suzib o‘tdi va o‘z shahriga keldi+.
2 Bir payt uning oldiga to‘shakda yotgan shol odamni olib kelishdi. Iso u odamlarning imonini ko‘rib, shol kishiga: «Dadil bo‘ling, bolam! Gunohlaringiz kechirildi»+,— deb aytdi.
3 Shunda ayrim ulamolar o‘zlaricha: «Bu odam Xudoga qarshi gapiryapti»,— deyishdi.
4 Ularning o‘y-fikrini bilgan Iso shunday dedi: «Nega ko‘nglingizdan yomon fikrlarni o‘tkazyapsizlar?+
5 Axir qaysi biri osonroq: “Gunohlaringiz kechirildi”,— deb aytishmi yoki “O‘rningizdan turib yuring”,— deyishmi?+
6 Biroq bilib qo‘yinglarki, Inson O‘g‘li yer yuzida gunohlarni kechirish vakolatiga ega». So‘ng Iso shol odamga: «O‘rningizdan turib, to‘shagingizni oling-da, uyingizga ketavering»,— dedi+.
7 Shunda u kishi o‘rnidan turib, uyiga yo‘l oldi.
8 Buni ko‘rganlarni vahima bosdi va ular insonga bunday vakolatni ato etgan Allohni sharaflashdi.
9 Iso yo‘lida davom etib, soliq idorasida o‘tirgan Matto ismli kishini ko‘rdi-da, unga: «Mening izdoshim bo‘ling»,— dedi. U esa o‘rnidan turib, Isoning ketidan ergashdi+.
10 Keyin Iso va shogirdlari Mattoning uyida dasturxon atrofida yonboshlashgan bir paytda, ko‘pgina soliqchilar va gunohkorlar kelib ularga qo‘shilishdi+.
11 Buni ko‘rgan farziylar Isoning shogirdlariga: «Nega ustozingiz soliqchilar va gunohkorlar bilan ovqatlanib o‘tiribdi?»+ — deb so‘rashdi.
12 Bu gapni eshitib, Iso shunday dedi: «Sog‘lar emas, bemorlar shifokorga muhtoj+.
13 Shuning uchun borib: “Men qurbonlik emas, rahm-shafqat istayman”+,— degan so‘zlar nimani anglatishini bilib olinglar. Axir men odil kishilarni emas, gunohkorlarni da’vat etgani kelganman».
14 Shunda Yahyoning shogirdlari Isoning oldiga kelib, undan: «Biz va farziylar ro‘za tutamiz-u, lekin nega sizning shogirdlaringiz ro‘za tutishmaydi?» — deya so‘rashdi+.
15 Ularga javoban Iso shunday dedi: «Kuyov+ jo‘ralari bilan bo‘lgan paytda jo‘ralari qayg‘urishadimi? Ammo kuyov ulardan ayriladigan kunlar keladi+. O‘shandagina ular ro‘za tutishadi.
16 Hech kim eskirgan ustki kiyimga yangi matodan yamoq tikmaydi. Chunki yangi mato suvga kirganida, eskirgan kiyim battar yirtiladi+.
17 Hech kimsa yangi sharobni eski meshlarga quymaydi. Sababi meshlar yirtilib, sharob to‘kilib ketadi va meshlar yaroqsiz bo‘lib qoladi. Aksincha, yangi sharobni yangi meshlarga quyishadi. Ana shunda ikkalasi ham asrab qolinadi».
18 Bu gaplarni aytib turgan paytda, bir amaldor uning yoniga kelib ta’zim qildi-da, shunday dedi: «Qizim hozir o‘lib qolgan bo‘lsa kerak. Ammo siz borib uning ustiga qo‘lingizni qo‘ysangiz, u tirilib ketadi»+.
19 Shunda Iso o‘rnidan turib o‘sha odamning orqasidan bordi; shogirdlari ham unga ergashishdi.
20 Yo‘lda, 12 yildan buyon qon ketishidan+ azob chekayotgan bir ayol Isoning orqasidan kelib, ustki kiyimining etagiga qo‘l tekkizdi+.
21 O‘sha ayol ichida: «Ustki kiyimiga qo‘limni tekkizsam, tuzalib ketaman»,— deya o‘ylardi.
22 Iso o‘girilib atrofga nazar soldi va ayolni ko‘rib unga dedi: «Dadil bo‘ling, singlim*; ishonchingiz tufayli sog‘ayib ketdingiz»+. Shu ondayoq ayol dardidan xalos bo‘ldi+.
23 Amaldorning uyiga kelganda, Iso motam kuyini chalayotgan naychilarni va uvvos tortib yig‘layotgan olomonni ko‘rib+,
24 ularga dedi: «Bu yerdan chiqinglar, qizcha o‘lgan emas, uxlab yotibdi»+. Shunda ular Isoni mazax qilib ustidan kula boshlashdi.
25 Olomon tashqariga chiqqach, Iso qizaloqning oldiga kirib, qo‘lidan ushlashi bilanoq+ u o‘rnidan turdi+.
26 Tabiiyki, bu haqdagi gap-so‘zlar butun o‘lka bo‘ylab tarqalib ketdi.
27 Iso yo‘lida davom etib ketayotganida, ko‘zi ojiz ikki kishi+ orqasidan ergashib: «Ey Dovudning O‘g‘li*, bizga rahm-shafqat qiling»,— deb baqirardi.
28 Iso uyga kirganda, ko‘zi ojiz kishilar uning yoniga kelishdi. Iso ulardan: «Buni qila olishimga ishonasizlarmi?»+ — deya so‘radi. Ular javoban: «Ishonamiz, Hazrat»,— deyishdi.
29 Shunda Iso ularning ko‘zlariga qo‘l tekkizib+: «Ishonganingizga yarasha bo‘lsin»,— deyishi bilan
30 ularning ko‘zi ko‘ra boshladi. Iso esa ularga qat’iy buyurib: «Tag‘in bu haqda hech kim bilmasin»,— deb qo‘ydi+.
31 Ular bo‘lsa tashqariga chiqqach, u haqda butun o‘lka bo‘ylab ochiqchasiga gapira boshlashdi.
32 U kishilar chiqib ketayotganda, Isoning yoniga jinga chalingan soqov odamni olib kelishdi+.
33 Jin quvib chiqarilganidan keyin soqov kishi tilga kirdi+. Olomon bundan hayratda qolib: «Bunaqasi Isroilda hali bo‘lmagan»,— dedi+.
34 Farziylar esa shunday deyishdi: «U jinlar hukmdorining yordami bilan jinlarni quvib chiqaryapti»+.
35 Iso barcha shaharlar-u qishloqlar bo‘ylab yurib, u yerlardagi ibodatxonalarda ta’lim berar va Shohlik to‘g‘risidagi xushxabarni e’lon qilardi. Shuningdek, u odamlarning har turli kasalliklari-yu darmonsizliklarini davolardi+.
36 Iso olomonni ko‘rib ularga achindi+, chunki ular cho‘ponsiz qo‘ylarday tarqoq va holdan toygan edilar+.
37 Shunda Iso shogirdlariga: «Hosil chindan ham mo‘l, faqat ishchilar oz+.
38 Ana shu sababdan hosilni yig‘ish uchun ishchilar yuborsin deb, hosil Egasiga iltijo qilinglar»,— dedi+.