Rimliklarga 7:1-25

  • Gunohdan ozod bo‘lish (1-6)

  • Qonun gunohni oshkor etdi (7-12)

  • Gunoh bilan kurash (13-25)

7  Birodarlar, odam tirik ekan, Tavrot uning ustidan hokimlik qilayotganini nahot bilmasangiz (buni qonunni bilganlar uchun gapiryapman)?  Masalan, turmush qurgan xotin eri tirik ekan, unga qonun bo‘yicha bog‘langan bo‘ladi. Mabodo eri hayotdan ko‘z yumsa, shunda u erning qonunidan ozod bo‘ladi+.  Bordi-yu, eri tirikligida u o‘zga erkakka tegsa, zino qilgan bo‘ladi+. Lekin eri o‘lsa, uning qonunidan ozod bo‘ladi va boshqa erkak bilan oila qurgan taqdirda ham zinokor sanalmaydi+.  Xullas, birodarlarim, sizlar ham Masih badani vositasida Tavrot uchun o‘lib, o‘zgaga — tirilganga+ tegishli bo‘lib qoldingiz+. Shu yo‘sin, biz Xudoni sharaflash uchun samara keltiraylik+.  Tana istaklariga binoan umr kechirganimizda, Tavrot orqali oydin bo‘lgan gunohli ehtiroslar tanamizda amal qilib, oqibati o‘lim edi+.  Hozir esa bizni qachonlardir mahkam ushlab turgan Tavrot uchun o‘lib, undan ozod bo‘ldik+. Shunday qilib biz eski ma’noda, ya’ni qonunlar bo‘yicha emas+, balki yangi ma’noda — ruh bo‘yicha Allohning qullari bo‘lib qoldik+.  Unda nima demoqchimiz? Tavrotning kamchiligi* bormi? Mutlaqo! Lekin Tavrot bo‘lmaganida, gunoh nima ekanligini bila olmasdim+. Masalan, Tavrotda: «Birovning narsasiga ko‘z olaytirmang»+,— deb aytilmaganida, men ko‘z olaytirish nima ekanini bilmay yurardim.  Ammo bu amr orqali gunoh menda har qanday istaklarni tug‘dirdi. Sababi, qonunsiz gunoh o‘lik edi+.  To‘g‘risini aytganda, qonun bo‘lmagan paytda men tirik edim. Lekin amr paydo bo‘lganda, gunoh tirildi, men esa o‘ldim+. 10  Hayotga olib boradigan amr+ o‘limga eltishini ko‘rdim. 11  Amr orqali gunoh meni yo‘ldan ozdirib, o‘limga duchor qildi. 12  Boisi, Tavrot muqaddas, amr ham muqaddas, adolatli va yaxshidir+. 13  Unda yaxshilik men uchun o‘limga aylanganmi? Aslo! Faqat gunoh o‘limga olib bordi. Shu yo‘sin, yaxshi narsa orqali gunoh menga o‘lim olib kelishi+ hamda amr sababli gunoh qanchalik yomon ekanligi ayon bo‘ldi+. 14  Tavrotni Alloh bergan*, men bo‘lsa gunohning qulligiga sotilgan bandaman, xolos+. 15  Nima qilayotganimni bilmayman: istagan narsamni qilmayman, ammo nimadan nafratlansam, shuni qilaman. 16  Xohlamagan narsani qilsam, Tavrot yaxshi ekaniga qo‘shilaman. 17  Biroq hozir bu narsalarni men emas, balki ichimdagi gunoh qilyapti+. 18  Menda, ya’ni badanimda yaxshi narsa yo‘q, zero yaxshilikni xohlashga xohlayman-u, lekin qila olmayman+. 19  Qilgim kelgan yaxshi narsani qilmayman, lekin istamagan yomon narsani qayta-qayta qilaveraman. 20  Agar xohlamagan narsani bajarsam, unda men emas, menda yashovchi gunoh bajaryapti. 21  Xullas, bundan men o‘zimda ushbu qonunni payqayman: to‘g‘ri bo‘lgan narsani qilmoqchi bo‘lsam, yonimda yomonlik turadi+. 22  Qalbimda Allohning qonunidan zavq olaman+. 23  Tanamda esa boshqa qonunni payqayapman. Bu qonun aqlimdagi qonunga qarshi kurashib+, tanamdagi gunohning qonuniga meni asir qilyapti+. 24  Eh, qanday baxtsiz odamman-a! O‘limga duchor bo‘ladigan mana shu tanamdan meni kim qutqaradi? 25  Allohga shukrlar bo‘lsin, chunki U Hazratimiz Iso Masih orqali meni qutqaradi! Xullasi kalom, ongim bilan Xudoning qonuniga qul bo‘lsam-da, ammo badanim gunoh qonunining qulidir+.

Izohlar

So‘zma-so‘z «gunohi».
So‘zma-so‘z «Tavrot ruhiydir».