Yuhanno 1:1-51
1 Azalda Kalom bor edi+, Kalom Alloh bilan edi+ va Kalom bir xudo* edi+.
2 U boshidanoq Xudo bilan bo‘lgan.
3 Hamma narsa u orqali vujudga kelgan+ va usiz hech narsa bor bo‘lmagan.
4 Hayot u orqali vujudga kelgan. Hayot odamlar uchun nur bo‘lgan+.
5 Nur zulmatda porlab turadi+, lekin zulmat uni qoplay olmaydi.
6 Tangri tomonidan yuborilgan bir inson keldi, uning ismi Yahyo+ edi.
7 U shohid sifatida nur haqida shohidlik qilish uchun keldi+, toki u orqali turli odamlar imonga ega bo‘lishsin.
8 U nur emas edi+, ammo nur haqida shohidlik berishi kerak edi.
9 Turli insonlarga porlayotgan chinakam nur hali dunyoga kelishi darkor edi+.
10 U dunyoda edi+ va dunyo u orqali paydo bo‘ldi+, lekin dunyo uni tanimadi.
11 U o‘z xalqi oldiga keldi, faqat xalqi uni qabul qilmadi.
12 Uni qabul qilganlarga esa, uning nomiga ishonganlari uchun+ Tangrining farzandi bo‘lish huquqi berildi+.
13 Ular na qon, na tana istagi va na inson xohishi orqali, balki Xudo orqali dunyoga kelishgan+.
14 Kalom inson bo‘lib+ oramizda yashadi va biz uning ulug‘vorligini — yagona o‘g‘ilning+ otadan olgan ulug‘vorligini ko‘rdik. U Xudoning inoyati va haqiqatga to‘la edi.
15 (Yahyo u haqda shohidlik berib, shunday deya xitob qildi: «Ortimdan kelayotgan mendan oldinga o‘tdi, chunki u mendan avval bor edi».)+
16 U inoyatga to‘la bo‘lgani uchun hammamiz uning inoyatini doimo o‘zimizda his etardik.
17 Zero Tavrot Muso orqali berilgan edi+, inoyat+ va haqiqat esa Iso Masih orqali keldi+.
18 Odamlardan hech kim hech qachon Xudoni ko‘rmagan+, Otaning yonidagi*+ ilohiy zot+ bo‘lmish yagona o‘g‘il U haqda bizga aytib berdi+.
19 Yahudiylar Quddusdan ruhoniylar va levilarni yuborib, Yahyodan: «Sen kimsan?» — deb so‘rashganida, u shohidlik berishdan+
20 bosh tortmay: «Men Masih emasman»,— deb ochiq tan oldi.
21 Shunda ular: «Unda kimsan? Ilyosmi?»+ — deb so‘rashganida, u: «Yo‘q»,— dedi. «Balki payg‘ambardirsan?»+ — deya so‘rashdi. U yana: «Yo‘q!» — deb javob berdi.
22 Ular: «O‘zi kimsan? Bizni yuborganlarga nima deb javob berishimizni ayt. O‘zing haqingda nima deya olasan?» — deyishdi.
23 Yahyo bunday javob berdi: «Men Ishayo payg‘ambar aytganiday+, “Yahovaga* yo‘l hozirlanglar”+, deya sahroda jar solayotganning sadosiman».
24 Ularni esa farziylar* yuborishgandi.
25 Ular Yahyodan yana so‘rashdi: «Sen na Masih, na Ilyos va na payg‘ambar bo‘lsang, unda nega xalqni suvga cho‘mdirib yuribsan?»
26 Yahyo ularga javoban shunday dedi: «Men odamlarni suvga cho‘mdiryapman, ammo orangizda sizlar bilmaydigan bir kimsa bor.
27 U ortimdan kelyapti, lekin men sandallarining bog‘ichini yechishga ham arzimayman»+.
28 Bu voqealar Baytaniyada, Yahyo suvga cho‘mdirgan Iordanning narigi qirg‘og‘ida sodir bo‘ldi+.
29 Ertasi kuni Yahyo oldiga kelayotgan Isoni ko‘rib, dedi: «Mana, dunyoning+ gunohini bartaraf etadigan+ Xudoning Qo‘zisi!+
30 “Ortimdan kelayotgan, mendan oldinga o‘tdi, chunki u mendan avval bor edi”+,— deganim ana shudir.
31 Uni o‘zim ham bilmas edim, lekin Isroil uni tanisin, deya suvga cho‘mdirgani keldim»+.
32 Yahyo yana shunday shohidlik berdi: «Muqaddas ruh kaptar sifatida osmondan tushib, uning ustida qolganini ko‘rdim+.
33 Uni o‘zim ham bilmas edim, ammo odamlarni suvga cho‘mdirish uchun meni Yuborgan shunday dedi: “Kimning ustiga ruh tushib, unda qolganini ko‘rsang+, ana o‘sha muqaddas ruhga cho‘mdiruvchidir”+.
34 Men uni ko‘rdim-u, mana bu — Xudoning O‘g‘li, deb shohidlik berdim»+.
35 Ertasiga Yahyo ikkita shogirdi bilan yana o‘sha joyda turganida,
36 Isoning kelayotganini ko‘rib shunday dedi: «Mana, Xudoning Qo‘zisi!»+
37 Ikkala shogird esa uning gapini eshitib, Isoning orqasidan ergashdi.
38 Iso o‘girildi-yu, uning orqasidan ergashib kelayotganlarini ko‘rib: «Sizlarga nima kerak?» — deb so‘radi. Ular esa: «Ravviy, (ma’nosi “Ustoz”) siz qayerda turasiz?» — deya so‘rashdi.
39 Iso ularga javoban: «Ketdik, ko‘rasizlar»,— dedi. Ular borib, qayerda turganini ko‘rishdi va o‘sha kuni u bilan qolishdi. Bu kunduzi soat to‘rtlarda* yuz berdi.
40 Yahyoning gaplarini eshitib Isoning orqasidan ergashganlardan biri, Simun Butrusning ukasi* Idris+ edi.
41 Avvaliga u akasi Simunni topib, unga dedi: «Biz Masihni+ (“moylangan” degani) topdik».
42 Uni Isoning huzuriga olib keldi. Iso unga qarab: «Siz Yuhannoning o‘g‘li Simunsiz+. Endi Kifa* (yunoncha “Butrus”) deb nom olasiz»+,— dedi.
43 Ertasi kuni Iso Jalilaga bormoqchi bo‘ldi. U Filipni+ topib unga: «Mening izdoshim bo‘ling»,— dedi.
44 Idris va Butrus kabi Filip ham Baytsayda shahridan edi.
45 Filip Natanilni+ topib unga: «Muso Tavrotda bayon etgan va payg‘ambarlar yozgan Yusuf+ o‘g‘li nosiralik Isoni topdik»,— dedi.
46 Biroq Natanil unga: «Nosiradan o‘zi biron yaxshilik chiqqanmi?» — deb aytdi. «O‘zing borib, ko‘rgin»,— dedi unga Filip.
47 Iso oldiga kelayotgan Natanilni ko‘rdi-yu, u haqda: «Ana, haqiqiy isroillik, unda hecham ayyorlik yo‘q»+,— dedi.
48 Natanil undan so‘radi: «Meni qayerdan bilasiz?» Iso unga shunday deb javob berdi: «Filip hali sizni chaqirmasidan oldin, anjir daraxti tagida o‘tirganingizni ko‘rgan edim».
49 Shunda Natanil unga: «Ustoz*, siz Xudoning O‘g‘li, Isroilning Podshohisiz»+,— deb aytdi.
50 Iso unga javoban: «“Sizni anjir daraxti tagida ko‘rdim”,— deganim uchun ishonyapsizmi? Siz bundan ham buyuk ishlarni ko‘rasiz»,— dedi.
51 So‘ng: «Ishonavering, osmon ochilganini va Allohning farishtalari Inson O‘g‘lining* yoniga tushib-chiqayotganini ko‘rasizlar»+,— dedi.
Izohlar
^ Yoki «ilohiy zot».
^ So‘zma-so‘z «bag‘ridagi». Bu o‘zgacha iltifot belgisidir.
^ So‘zma-so‘z «chamasi o‘ninchi soatda».
^ Yunonchada Idris Butrusning ukasi yoki akasi ekani aniq ko‘rsatilmagan.
^ «Kifa» yoki «Butrus» «qoyatosh», degan ma’noga ega.
^ So‘zma-so‘z «Rabbi». Yahudiy ustozlarning sharafli unvoni.