Kamroq pul bilan qay yo‘sin yashash mumkin?
Iqtisodiy muammolar tufayli yashash uchun yetarlicha pul topish qiyin kechyaptimi? Pandemiya, tabiiy ofatlar, siyosiy notinchliklar va urushlar iqtisodiy ahvolga darrov ta’sir qilishi mumkin. Kutilmaganda ishsiz qolish stress tug‘dirishi hech gap emas. Muqaddas Kitobda amaliy maslahatlar bor. Ularning yordamida hatto qo‘limizda bor bo‘lgan pul bilan yashay olamiz.
1) O‘zgargan vaziyatingizni qabul qiling
Muqaddas Kitobdagi prinsip: «Men ham farovonlikda yashash, ham muhtojlikda qolishning sirlarini o‘rganganman». (Filippiliklarga 4:12)
Hatto avvalgiga qaraganda hozir pulingiz kamroq bo‘lsa ham, bu yangi sharoitlarga moslashishga o‘rgana olasiz. Bu vaziyatni qancha tez qabul qilsangiz va unga moslashsangiz, o‘zingiz uni shuncha tez yenga olasiz hamda oila a’zolaringizga ham bunda yordam bergan bo‘lasiz.
Siz moddiy taraflama yordam olish uchun hukumat yoki biron-bir muassasa tomonidan bunday yordam taqdim etilishini surishtirib ko‘rsangiz bo‘ladi. Darrov harakat qiling, sababi odatda bunday muassasalar chegaralangan odam soniga yordam beradi.
2) Oilangiz bilan hamkorlik qiling
Muqaddas Kitobdagi prinsip: «Maslahat bo‘lmagan joyda rejalar barbod bo‘ladi, maslahatchi ko‘p bo‘lsa, ular amalga oshadi». (Hikmatlar 15:22)
Vaziyatni turmush o‘rtog‘ingiz va farzandlaringiz bilan muhokama qiling. Yaxshi muloqot oila a’zolaringizga, ehtimol, kiritilishi kerak bo‘lgan o‘zgarishlarni tushunishga va sizni bunda qo‘llab-quvvatlashiga yordam berishi mumkin. Oilangizdagi barcha bir yoqadan bosh chiqarishga harakat qilsa va ortiqcha xarajatlarning oldini olsa, qo‘lingizdagi mablag‘ ko‘proqqa yetadi.
3) Byudjet tuzing
Muqaddas Kitobdagi prinsip: «O‘tirib qancha xarajat ketishini hisoblab oling». (Luqo 14:28)
Kam pulga yashashga to‘g‘ri kelganda, eng muhimi bor pulingiz nimaga ketayotganini bilishdir. Avval har oyga kirimingizga qarab yangi vaziyatingizdan kelib chiqqan holda byudjet tuzing. Keyinchalik hatto o‘zgartirish kiritishingiz kerakligini bilsangiz ham, har oy sarflaydigan katta-yu kichik harakatlaringizni yozib qo‘ying. Bundan tashqari, kutilmagan vaziyat yoki favqulodda vaziyatlar uchun alohida pul ajratib qo‘ying.
Maslahat. Pulni taqsimlayotganda mayda-chuyda xarajatlarni ham unutmang. Ana shunday mayda-chuyda narsalarga qancha pul sarflayotganingizni tushunib, ehtimol, hayron qolarsiz. Misol uchun, bir kishi o‘z xarajatlarini taqsimlagach, har yili saqich sotib olish uchun bir necha yuz dollar sarflayotganini angladi.
4) Qaysi narsalar muhimroq ekanini farqlang
Muqaddas Kitobdagi prinsip: «Qaysi narsalar muhimroq ekanini farqlang». (Filippiliklarga 1:10)
Kirimingiz bilan xarajatlaringizni taqqoslang va nimalardan voz kechishni yoki nimalarga kamroq pul sarflashni aniqlab oling. Shunda, qo‘lingizdagi bor pul bilan yashay olishingiz mumkin. Quyidagi sohalarni ko‘rib chiqing:
Transport xarajatlari. Agar bir nechta mashinangiz bo‘lsa birini sotarsiz. Agar qimmatbaho mashinangiz bo‘lsa, uni oddiyrog‘iga almashtira olarsiz? Balki mashinaning o‘rniga jamoat transportidan yoki velosipeddan foydalanarsiz?
O‘yin-kulgi. Hech bo‘lmaganda vaqtinchalikka pulli kanallar uchun obunalaringizni bekor qila olasizmi? Buning o‘rniga kam xarajatli variantlarni izlab ko‘rarsiz. Masalan, bepul mahalliy kanallarni tomosha qilarsiz yoki kutubxonaga borib kitoblar o‘qirsiz.
Kommunal xizmatlar. Oilangiz bilan suvni, elektr tokini va yonilg‘ini qanday tejash mumkinligini muhokama qiling. Chiroqni o‘chirib yurish va cho‘milish uchun haddan ortiq ko‘p vaqt sarflamaslik muhim emasdek ko‘rinishi mumkin. Ammo bu kabi odatlar pulni tejashingizga ko‘maklasha oladi.
Oziq-ovqat. Kafelarda yoki ko‘chada ovqatlanmang. Buning o‘rniga uyingizda ovqat tayyorlang. Oldindan nima tayyorlamoqchi ekaningizni rejalashtiring. Qolaversa, iloji bo‘lsa masalliqlarni ko‘p miqdorda sotib oling va tayyorlab qo‘ying. Bundan tashqari, qolgan ovqatlarni tashlab yubormang. Do‘konga borganingizda keraksiz narsalarni xarid qilmaslik uchun nima sotib olishni oldindan yozib qo‘ying. Mavsumga qarab meva-cheva yoki sabzavotlarni xarid qiling. Chunki ular odatda o‘z mavsumida qimmat emas. Foydasiz oziq-ovqatni sotib olmang. Ehtimol, o‘zingiz sabzavotlarni ekarsiz.
Kiyim-kechak. Modaning orqasidan quvish maqsadida emas, balki ehtiyoj tug‘ilganda kiyim-kechak sotib oling. Mavsumiy chegirmalarni yoki ishlatilgan, ammo yaxshi holatdagi narsalarni izlab ko‘ring. Ob-havo yoki sharoitingiz yo‘l qo‘ysa, yuvilgan kiyimlarni quyoshda quritib oling. Bu elektr tokini tejashga yordam beradi.
Qo‘shimcha xaridlar. Biron nimani xarid qilishdan oldin o‘zingizdan: «Pulim bunga yetadimi? Bu menga rostdan ham kerakmi?» — deb so‘rab ko‘ring. Ehtimol, uy-ro‘zg‘or asboblarini, elektron qurilmalarini yoki transport vositalarini sotib olishni yoki almashtirishni keyinroqqa qoldirarsiz. Shuningdek, siz boshqa ishlatmayotgan yoki sizga kerak bo‘lmagan narsalarni sotib yuborarsiz. Bunday yo‘l tutish orqali hayotingiz soddalashadi va qo‘shimcha pulingiz bo‘ladi.
Maslahat. Kirimingiz to‘satdan kamayib ketsa, bu zararli va qimmatga tushadigan odatlardan xalos bo‘lish uchun yana bir sababdir. Masalan, tamaki chekishni, qimor o‘ynashni yoki spirtli ichimliklarni suiiste’mol qilishni to‘xtatarsiz. Bunday o‘zgarishlar nafaqat cho‘ntagingizga foyda keltiradi, balki hayotingiz yaxshilanishiga ham ko‘maklashadi.
5) Ma’naviy narsalarga diqqat qarating
Muqaddas Kitobdagi prinsip: «Ma’naviy narsalarga chanqoq bo‘lganlar baxtlidir». (Matto 5:3)
Muqaddas Kitobda bu borada muvozanatli bo‘lishimizga ko‘maklashadigan maslahat yozilgan. «Pul odamga himoya berganiday, donolik ham uni himoyalaydi. Ammo bilim va donolikning ustunligi shundaki, ular o‘z sohibining hayotini saqlaydi». (Voiz 7:12) Bunday dono maslahatlarni Muqaddas Kitobdan topishimiz mumkin. Ko‘p insonlar ularni hayotida qo‘llab, moddiy narsalar haqida haddan tashqari tashvishlanish muammosidan yiroqlasha oldi. (Matto 6:31, 32)