TASODIFMI YOKI IJOD MAHSULIMI?
Sakkizoyoqning ajoyib paypaslagichlari
Robotlar ustida ishlaydigan muhandislar shifokorlarga mikroinvaziv, ya’ni tananing ichki organlarini operatsiya qilishda yordam berish uchun apparat yaratish ustida ish olib bormoqda. Bu sohada kashfiyot qilishga sakkizoyoqning egiluvchan oyoqlari yoki paypaslagichlari namuna bo‘ldi.
O‘ylab ko‘ring. Sakkizoyoqlar hatto tor joyda ham har tomonga cho‘ziladigan va egiluvchan sakkizta oyog‘i yordamida o‘ljasini o‘z changaliga olishi, uni ushlab turishi va siqishi mumkin. Sakkizoyoq paypaslagichlarini har qaysi tarafga bukibgina qolmay, kerak bo‘lganida, ularning turli qismlarini taranglashtira oladi.
Tadqiqotchilarning fikricha, xuddi shunday yumshoq va egiluvchan robot paypaslagich mikroinvaziv jarrohlik amaliyotlarini o‘tkazishda beqiyos o‘ringa ega bo‘ladi. Bunday apparat yordamida murakkab operatsiyaga muhtoj bo‘lgan bemorlarni davolash osonroq bo‘lardi.
Sakkizoyoqning egiluvchan paypaslagichlari qanday harakat qilishini tomosha qiling
Bunday robot paypaslagich allaqachon ishlab chiqarilgan va yasama operatsiyalarada qo‘llanilmoqda. 135 millimetrli paypaslagichning biri hech qanday ziyon yetkazmagan holda, yumshoq ichki organlarni ko‘tarib yoki ushlab turib ularni boshqaradi. Bu paytda boshqa paypaslagich operasiyani olib boradi. Ushbu apparatni yaratishda ishtirok etgan guruh a’zosi doktor Tommaso Ranzani «bu ilg‘or qulayliklarning yangi va yaxshilangan sistemasining boshlanishi bo‘lishiga ishonamiz» degan fikr bildirdi.
Nima deb o‘ylaysiz? Sakkizoyoqning paypaslagichlari evolyutsiya natijasida paydo bo‘lganmi? Yoki ijod mahsulimi?