Asosiy materiallarga o‘tish

YOSHLARNING SAVOLLARI

Ota-onamning ishonchini qay yo‘sin qozona olaman?

Ota-onamning ishonchini qay yo‘sin qozona olaman?

 Nimani bilishingiz kerak?

 Sizga ishonishlarini istasangiz, ishonchli ekaningizni isbotlang. Ota-onangiz o‘rnatgan qoidalarga rioya qilishni qarz to‘lash bilan solishtirsa bo‘ladi. Ota-onangizga bo‘ysunishga burchlisiz va «to‘lovlarni» o‘z vaqtida to‘lasangiz, ehtimol, ulardan ko‘proq «kredit» (yoki erkinlik) olarsiz. Boshqa tomondan, agar ishonchni oqlamasangiz, ota-onangiz «kredit miqdorini» kamaytirsa, hayron bo‘lib o‘tirmang.

 Ishonch qozonish uchun vaqt kerak. Ota-onangiz sizga ko‘proq erkinlik berishini istasangiz, ular mas’uliyatli ekaningizni ko‘rishlari lozim.

 HAYOTIY VOQEA: «O‘smirlik paytimda ota-onam mendan nimani kutayotganini yaxshi bilardim va o‘zimni ular istagandek yo‘l tutayotganday ko‘rsatardim, ammo yashirincha o‘z bilganimdan qolmasdim. Oxir-oqibat, ota-onam menga ishonmay qo‘ydi. Keyinchalik, bunday qilish yaramaydi, degan xulosaga keldim. Ko‘proq erkinlikka erishmoqchi bo‘lsangiz, ayyorlik qilmang. Agar ishonchga sazovor bo‘lishni istasangiz, shunga yarasha yo‘l tuting». (Kreyg)

 Nima qila olasiz?

 Boshingga qilich kelsa ham, to‘g‘ri so‘zla. Har birimiz xato qilib turamiz, ammo yolg‘on-yashiq bilan o‘zingizni himoya qilib (yo qisman haqiqatni gapirib) ota-onangizning ishonchini barbod qilasiz. Boshqa tomondan, agar hamisha rostgo‘y bo‘lsangiz, ota-onangiz sizga o‘z xatolarini tan ola biladigan yetuk inson sifatida qaraydi. Bunday insonga ishonsa bo‘ladi.

 «Xatolarga yo‘l qo‘yish doim ham ishonchni yo‘qotish degani emas, ammo ularni yashirishga harakat qilsangiz, ishonchni yo‘qotishingiz turgan gap». (Anna)

 Muqaddas Kitobda shunday deyilgan: «Har narsada halol bo‘lishni istaymiz». (Ibroniylarga 13:18)

  •   O‘ylab ko‘ring: ota-onangiz sizdan qayerga ketayotganingiz va nimalar qilmoqchi ekaningizni so‘rasa, ularga bor haqiqatni aytasizmi? Yoki ota-onangiz qayerga borganingiz va nimalar bilan shug‘ullanganingiz haqida so‘rasa, ular bilishi kerak bo‘lgan narsalarni to‘liq aytmay, ba’zi tafsilotlarni sir tutasizmi?

 Mas’uliyatli bo‘ling. Uyingizda o‘rnatilgan tartib-intizomga amal qiling. Uy yumushlarini darhol bajaring. Hech qayerga kechikib bormang. Maktabdagi vazifalaringizga jiddiy qarang. Uyga vaqtida keling.

 «Bordi-yu, ota-onangiz sizga do‘stlaringiz bilan sayr qilib kelishga ruxsat berib, soat to‘qqizda uyda bo‘lishingiz kerakligini aytsa, biroq siz o‘n yarimda eshik ostonasiga kirib kelsangiz, o‘zingiz aybdorsiz — keyingi safar sizga kimdir sayr qilishga ruxsat beradi, deb o‘ylamang!» (Rayan)

 Muqaddas Kitobda shunday deyilgan: «Zero har kim o‘z aravasini o‘zi tortadi». (Galatiyaliklarga 6:5)

  •   O‘ylab ko‘ring: uyga vaqtida kelasizmi? Uydagi mas’uliyatlaringizga qanday qaraysiz? Oilangizdagi qoidalarga, ayniqsa, siz uncha xush ko‘rmaydiganlariga amal qilasizmi?

 Sabrli bo‘ling. Ota-onangizning ishonchini yo‘qotgan bo‘lsangiz, uni qaytarish uchun vaqt kerak. Kutishga tayyor turing.

 «Ma’lum yoshga yetganimda ham, ota-onam menga ko‘proq erkinlik bermagani jahlimni chiqarardi. Katta bo‘lish va ulg‘ayish o‘rtasida farq borligini tushunmasdim. Oyim bilan dadamdan ularning ishonchini qozonishimga imkon berishlarini so‘radim. To‘g‘ri, bunga vaqt kerak bo‘ldi, ammo bu samara bermay qolmadi. Ishonch yoshga emas, ishlarga bog‘liq ekanini anglab yetdim». (Reychel)

 Muqaddas Kitobda shunday deyilgan: «Qanday inson ekaningizni tekshirib turinglar». (2 Korinfliklarga 13:5)

  •   O‘ylab ko‘ring: ota-onangizning ishonchini qozonish (yoki qayta qozonish) uchun qanday inson ekaningizni tekshirish maqsadida nimalar qila olasiz?

 MASLAHAT: vaqtida kelish, vazifalaringizni bajarish, belgilangan vaqtdan kech qolmaslik va boshqa masalalarda maqsad qo‘ying. Ota-onangizga qaroringiz haqida ayting va ishonchni qozonish uchun ular sizdan nimani kutayotganini so‘rang. So‘ng Muqaddas Kitobdagi: «Avvalgi turmush tarziga xos bo‘lgan eski o‘zlikni yechib tashlanglar»,— degan ogohlantiruvga amal qilish uchun jon kuydiring. (Efesliklarga 4:22) Vaqt o‘tib ota-onangiz yutuqlaringizni ko‘radi!