Nuh va To‘fon to‘g‘risidagi hikoya shunchaki afsonami?
Muqaddas Kitob asosida javob
To‘fon chindan ham yuz bergan. Xudo yovuzlarni yo‘q qilish uchun to‘fonga duchor qilgan, ammo yaxshi odamlar va hayvonlarni saqlab qolish uchun Nuhga kema qurishni aytgan. (Ibtido 6:11–20) To‘fon chindan ham yuz berganiga ishona olamiz, chunki bu haqida «Xudo tomonidan ilhomlantirilgan» Muqaddas Kitobda yozilgan. (2 Timo‘tiyga 3:16)
Rostmi yoki yolg‘onmi?
Muqaddas Kitobga ko‘ra, Nuh payg‘ambar chindan ham yashagan. To‘fon ham yuz bergan voqea bo‘lib, o‘ylab topilgan afsona emas.
Muqaddas Kitobni yozganlar Nuh chindan ham yashaganiga ishongan. Masalan, ulardan ayrimlari Ezra va Luqo Isroil xalqining nasabnomasida Nuhni qalamga olgan mohir tarixchilardir. (1 Solnomalar 1:4; Luqo 3:36) Shuningdek, Injil yozuvchilari Matto va Luqo Isoning Nuh hamda To‘fon haqida aytganlarini tilga olgan. (Matto 24:37–39; Luqo 17:26, 27)
Qolaversa, Hizqiyo payg‘ambar va havoriy Pavlus Nuhni imonli va odil kishi sifatida o‘rnak qilib keltirgan. (Hizqiyo 14:14, 20; Ibroniylarga 11:7) Agar Nuh afsonaviy kishi bo‘lganida, bu yozuvchilar uni o‘rnak sifatida keltirarmidi? Darhaqiqat, imon borasida o‘rnak ko‘rsatgan Nuh va boshqa erkag-u ayollar taqlid qilishga arziydi, chunki ular chindan ham yashagan. (Ibroniylarga 12:1; Yoqub 5:17)
Muqaddas Kitobda To‘fon haqida mayda-chuyda tafsilotlar keltirilgan. Muqaddas Kitobda To‘fon haqidagi hikoya go‘yoki ertakday, «bir bor ekan, bir yo‘q ekan» kabi so‘zlar bilan boshlanmagan. Aksincha, u yerda To‘fon bilan bog‘liq voqealarga taalluqli yil, oy va kun keltirilgan. (Ibtido 7:11; 8:4, 13, 14) Bundan tashqari, Nuh qurgan kemaning o‘lchamlari ham yozilgan. (Ibtido 6:15) Tafsilotlardan shuni ko‘ryapmizki, Muqaddas Kitobda tilga olingan To‘fon afsona emas, u rostdan ham yuz bergan.
Nima uchun To‘fon yuz bergan?
Muqaddas Kitobga ko‘ra, To‘fondan oldin «odamlar qabihlikka botib ketgan» edi. (Ibtido 6:5) Shuningdek, yer yuzi zo‘ravonlig-u jinsiy axloqsizlikka to‘lib-toshganidan «haq Tangrining nazarida jirkanch ahvolga tushgandi». (Ibtido 6:11; Yahudo 6, 7)
Muqaddas Kitobda aytilishicha, bunday qabihliklar yuz berganining sababi yovuz farishtalar osmonni tashlab, ayollar bilan jinsiy yaqinlikda bo‘lganida edi. Bu farishtalarning bolalari nefilimlar deb atalgan va o‘sha paytdagi odamlarga azob-uqubat keltirgan. (Ibtido 6:1, 2, 4) Xudo yerni yovuzlikdan tozalab, yaxshi odamlarga barchasini boshqatdan boshlash imkonini bermoqchi edi. (Ibtido 6:6, 7, 17)
Odamlar To‘fon bo‘lishini bilganmi?
Ha. Xudo nima qilmoqchi ekanini Nuhga aytib, uning oilasi va hayvonlarni saqlab qolish uchun kema qurish borasida yo‘l-yo‘riqlar bergan. (Ibtido 6:13, 14; 7:1–4) Nuh yaqinlashib kelayotgan To‘fon haqida odamlarni ogohlantirgan, ammo ular uning aytganlarini nazariga ilmagan. (2 Butrus 2:5) Muqaddas Kitobda: «To‘fon kelib barini qirib tashlamaguncha, ular parvo qilishmagan»,— deb yozilgan. (Matto 24:37–39)
Nuhning kemasi qanday bo‘lgan?
Kema katta quti yoki sandiqqa o‘xshagan bo‘lib, uzunligi taxminan 133 metrga, kengligi 22 metrga va balandligi 13 metrga teng edi a. Kema smolali daraxt yog‘ochidan yasalgan edi va ichki hamda tashqi tomoniga smola surtib chiqilgandi. U uchta qavat va bir nechta xonadan iborat edi. Kemaning yon tarafida eshik va tepa qismida, ehtimol, deraza bo‘lgan. Aftidan, suv oqib ketishi uchun kema tomining o‘rta qismi balandroq bo‘lgan. (Ibtido 6:14–16)
Nuh kemani qancha vaqt qurgan?
Muqaddas Kitobda Nuh kemani qancha vaqt qurgani haqida aytilmagan, ammo u bir necha o‘n yil davomida qurgan bo‘lsa kerak. To‘ng‘ich o‘g‘li tug‘ilganda Nuh 500 yoshdan oshgan edi. To‘fon yuz berganida esa, 600 yoshda edi b. (Ibtido 5:32; 7:6)
Nuhning uchala o‘g‘li ulg‘ayib oilali bo‘lgach, Xudo unga kema qurishni aytadi. Ehtimol, buning uchun taxminan 50 yoki 60-yil ketgandir. (Ibtido 6:14, 18) Agar shunday bo‘lsa, kemani qurib bitkazish uchun 40 yoki 50-yil ketgan degan xulosaga kelish o‘rinli.
a Muqaddas Kitobda kema o‘lchamlari tirsaklarda keltirilgan. «Ibroniylarning o‘lchami bo‘yicha, odatda bir tirsak uzunligi 44,45 santimetrga teng bo‘lgan». («The Illustrated Bible Distionary», qayta ko‘rilgan nashr, 3- bo‘lim, 1635- sahifa)
b Nuh kabi odamlar qancha yashagani borasida «Qo‘riqchi minorasi» 2010-yil 1-dekabr sonining (rus) «Qadimda odamlar chindan ham uzoq umr ko‘rganmi?» nomli maqolaga qarang.