Gilad maktabining 134- sinfi. «Ularning imoniga ergashinglar»
2013-yil, 9-mart shanba kuni Yahova Shohidlarining Pattersondagi ta’lim markazida (AQSH, Nyu-York) Qo‘riqchi Minorasi Jamiyatining Gilad nomli Muqaddas Kitob maktabining 134-sinfiga atalgan bitiruv marosimi bo‘lib o‘tdi. Bu maktab Yahova Shohidlarining malakali va’zgo‘ylariga xizmatda yanada samarali bo‘lishlariga ko‘maklashadi. Bitiruv marosimiga do‘stlar, oila a’zolar hamda boshqa mehmonlar bilan jami bo‘lib 9 912 kishi keldi.
Yahova Shohidlarining Yetakchi kengash a’zosi Mark Sanderson, dastur raisi sifatida xizmat qildi. U, barcha tinglovchilarga Gilad maktabining tantanavor ochilish marosimi birinchi marta bundan 70-yil oldin, ya’ni 1943-yil 1-fevralda sodir bo‘lganini eslatdi. O‘sha kuni maktab prezidenti Neytan Norr, ushbu maktabning maqsadini quyidagi so‘zlar bilan tushuntirdi: «Agar dalaga imkon qadar ko‘proq ishchilar yuborilsa, yuzlab va minglab odamlar Xudoning Shohligi to‘g‘risidagi xushxabarni qabul qila oladi. Xudoning inoyati bilan yangi ishchilar keladi». Xo‘sh, Norrning umidlari puchga chiqdimi?
Keling, bir misolni ko‘rib chiqaylik. Maktab boshlanganidan ko‘p o‘tmay, Neytan Norr Gilad maktabida ta’lim olganlarni va’zgo‘ylarga ehtiyoj bo‘lgan joylarga yuborishni maqsad qilib, Meksikaga tashrif buyurgan. Uning tashrifi munosabati bilan uchrashuv tashkil etilgan. Bu uchrashuvga Mexiko shahrining markazidan 240 km uzoqlikda joylashgan barcha jamoatlar, jami bo‘lib 400 kishi yig‘ilgan. Bugungi kunda Gilad maktabining birinchi bitiruvchilari Meksikaga kelganiga 70-yil o‘tgach, shu hududda joylashgan jamoatlar, xuddi shunday uchrashuvga taklif etilsa, 200 000 dan ziyod kishi yig‘ilgan bo‘lardi.
«Qo‘lingdagi nima?» Amerika Qo‘shma Shtatlarining Filial qo‘mita a’zosi Entoni Griffin, Chiqish 4:2-oyatga asoslangan nutqini taqdim etdi. Ushbu oyatda Xudo Musodan: «Qo‘lingdagi nima?» — deb so‘ragan. Muso esa javoban: «Tayoq»,— degan. Bu tayoq, Yahova Musoga bergan hokimiyat hamda vazifaning ramzi sifatida xizmat qilgan (Chiqish 4:5). Muso qo‘lidagi hokimiyatni Xudoga sharaf keltirish maqsadida ishlatgan paytlarida, Yahova unga barakalar bergan. Lekin Mariva qoyasi oldida o‘ziga sharaf izlab, birodarlariga tanbeh berganida, u hokimiyatini suiiste’mol qilgan va bu bilan Xudoning qalbini ranjitgan (Sahroda 20:9–13).
Entoni Griffin, Musoning qo‘lidagi tayoqni Gilad maktabining bitiruvchilari olgan ma’naviy ta’lim bilan solishtirgan va bu bilimlardan boshqalarga o‘z hukmni o‘tkazish maqsadida foydalanmaslikka undadi. U shunday maslahat berdi: «Olgan bilimlarni Yahovani ulug‘lash va Unga sharaf keltirish maqsadida ishlating. Shunda xizmat qilayotgan imondoshlaringiz uchun Xudoning barakasi bo‘lasiz».
«Manna yodingizda bo‘lsin». Yetakchi kengash a’zosi Stiven Lett, Sahroda yurgan Isroil xalqiga Xudovand mo‘jizaviy tarzda manna berganini aytib, bundan to‘rtta saboq olish mumkinligini ko‘rsatib berdi.
Zo‘r berib mehnat qiling (Sahroda 11:8). Mannani tanovul qilish uchun, isroilliklar avval tezda uni yig‘ib olishi, so‘ng esa undan ovqat tayyorlashi kerak edi (Chiqish 16:21).
Yahova yetkazayotgan rizq-ro‘zdan norozi bo‘lmang (Sahroda 11:5, 6). Isroil xalqi mannadan nolishdi, lekin Alloh buni Unga nisbatan norozilik bildirilgandek qabul qildi. Manna singari, ehtimol biz olayotgan ma’naviy ozuqa ham, har safar tansiq taomlardan bo‘lmas, lekin u doim bizning foydamizga xizmat qilishi aniq. Shunday ekan, Yahovaning saxovatli qo‘li uchun doimo minnatdor bo‘lishimiz darkor.
Yahova albatta sizga g‘amxo‘rlik qilishiga amin bo‘ling. Xudovand xalqiga har kuni manna yog‘dirgan. Shabbat kuni boshlanishidan oldin esa mannani ikki hissa ko‘proq bergan (Chiqish 16:22–26). Shu singari, Alloh bizning ham rizqimizni berishiga amin bo‘lsak bo‘ladi (Matto 6:11).
Itoatsizlik hech qachon baraka keltirmaydi (Chiqish 16:19, 20, 25–28). Shabbat kuni manna yig‘ishga chiqqan isroilliklar hech narsa topa olishmadi. Aksincha Yahovani xafa qilishdi. Shuningdek, haftaning qolgan olti kuni uchun manna g‘amlab olmoqchi bo‘lganlar ham, keyingi kun ertalab mannaga qurt tushib sasiy boshlaganini ko‘rishdi.
Stiven Lett, talabalarni manna haqidagi voqeadan olgan saboqlarni unutmaslikka chorladi. U Yahovaning quyidagi va’dasini eslatdi: «Men osmon qopqalarini ochaman. Sizlarga marhamatimni serob qilib yog‘diraman» (Malaki 3:10).
«Yangi dunyodagi hayotga tayyor bo‘ling». Muqaddas Kitob maktablarni nazorat qiluvchi bo‘limning noziri Uilyam Semyuelson: «Shubhasizki hammamiz yangi dunyoda yashashni istaymiz va sabrsizlik bilan uni kutamiz, lekin chindan bu kunni kutishga tayyormizmi? Buning uchun “aqli raso bo‘lish” kutiladi»,— deb aytdi (1 Butrus 4:7).
Kamchiliklarimizga nisbatan nuqtai nazarimiz aqli raso inson ekanimizni ayon qiladi. «Mayli, Xudo yomon ta’sirdan xalos etib, yangi dunyoni o‘rnatganida kamchiliklarimni tuzatarman»,— deya o‘zimizni aldab, barcha xato ishlarimizda Shayton va uning hukmi ostidagi dunyoni aybdor qilmasligimiz kerak. Hozir xudbinlik kabi nuqsonlarimiz bilan kurashib, «yangi o‘zlikni kiyib olishning» ayni paytidir (Efesliklarga 4:24).
«Ruchkangizni partaga qo‘ying». Gilad maktabining muallimi Mark Numar, «hayotimiz ssenariysini o‘z qo‘limiz bilan yozishimizni» ruchka misolida tushuntirib berdi. Agar hayot ssenariyingizni yozishni Yahovaga qo‘yib bersangiz, majoziy ma’noda ruchkani partaga qo‘ygan bo‘lasiz.
Shoh Shoulning misoli bu borada bizga ogohlantirish sifatida xizmat qilishi mumkin. Shohligining ilk yillarida u kamsuqum va kamtar inson bo‘lgan (1 Shohlar 10:22, 27; 11:13). Lekin ko‘p o‘tmay, u nima to‘g‘ri ekanini o‘zi hal qilmoqchi bo‘lib hamda o‘ziga sharaf izlab, «hayot ssenariysini o‘zi yozmoqchi» bo‘ldi. Oqibatda Xudovand undan yuz o‘girdi (1 Shohlar 14:24; 15:10, 11).
Mark Numar, garchi bitiruvchilar bugunga qadar Xudoga sadoqatli bo‘lishsa-da, bundan buyon ham Xudoning istagi bo‘yicha Uning ishlarini bajarishlari lozimligini eslatdi. U bitiruvchilarni: «Xudo bizdan foydalanayotgani, U bizni ma’qullayotganini kafolatlamaydi». Masalan, Muso mo‘jiza yaratib qoyadan suv chiqartirganida, Xudoning yo‘l-yo‘riqlariga amal qilmadi. U natijaga erishdi, lekin Xudoning marhamatidan mahrum bo‘ldi (Sahroda 20:7–12).
«Samo o‘rtasida uchib ketayotgan farishtaning ovoziga qo‘shiling». Sem Roberson, Vahiy 14:6-, 7-oyatlarga asoslangan nutq bilan chiqdi. U voizlik xizmatida sodir bo‘lgan voqealarni sahnalashtirib berishni iltimos qildi. Masalan, kasalxonada operasiyadan keyin o‘ziga kelgan talaba, hamshiraga va’z qilgan. Hamshira Perudan ekan. Shuning uchun birodarimiz jw.org saytimizdan suratda Peruning Chachapoyas shahrida Yahovaning Shohidlari va’z qilayotganini ko‘rsatdi. Natijada, bu ayol va uning eri bilan Muqaddas Kitob tadqiqi boshlandi.
«Sen meni aldading... shunday qilib men aldandim» (Yeremiyo 20:7, YADT). Amerika Qo‘shma Shtatlari Filialining qo‘mitasi Allen Shuster, sinfdagi ikkita er-xotindan intervyu oldi. Talabalar, o‘zlarini Yahova tomonidan «aldagan»day his qilishganini aytishdi. Qaysi ma’noda? Boshida ular o‘quv dasturini to‘liq o‘zlashtirib olishlaridan shubhalanishgan. Lekin o‘qishning birinchi kunidanoq, ularga yordam berib qo‘llab-quvvatlab turishgan va bu ularga vazifalarni muvaffaqiyat bilan bajarishga ko‘maklashgan. Maryan Aronsen ismli opamiz Gilad maktabida olgan tahsil uchun minnatdorchiligini quyidagi so‘zlar bilan izhor qildi: «Endi nima tadqiq qilish borasida boshim qotmaydi. Chunki Muqaddas Kitobdagi har bir oyat xazina ekanini anglab yetdim».
«Ularning imoniga ergashinglar». Yetakchi kengash a’zosi Deyvid Spleyn Ibroniylarga 13:7-oyatga asoslangan dasturning asosiy nutqini taqdim etdi. Mazkur oyatda shunday deyilgan: «Orangizda rahbarlikni o‘z zimmasiga olganlarni unutmanglar, axir ular sizlarga Tangrining kalomini aytishgan. Ularning xulq-atvori qanday samaralar keltirganini diqqat bilan kuzatib, imonlariga ergashinglar». Bundan 70-yil, oldin Yahova Shohidlarining faoliyatida «rahbarlikni o‘z zimmasiga olganlar» imonni qanday namoyon etishdi?
1942-yil 24 sentyabrda Neytan Norr, Yahovaning Shohidlari foydalanib kelayotgan ikkita yuridik birlashmaning rahbarlarini chaqirib, kengash o‘tkazdi. Ushbu uchrashuvda u, boshqa mamlakatlarda xushxabarni yoyishga ko‘maklashadigan Gilad nomli maktab tashkil etishni taklif qildi. Ushbu maktab to‘la vaqtli maxsus va’zgo‘ylarni tayyorlardi. Biroq o‘sha paytda buning mavridi emasdek ko‘rinardi. O‘shanda Ikkinchi jahon urishi ketayotgan edi. Shu sababli ko‘pgina mamlakatlarga maxsus va’zgo‘ylarni yuborish qiyin va hatto imkonsiz bo‘lgan. Boz ustiga 1930- yillarda butun dunyo qattiq moliyaviy inqirozni boshdan kechirgan va tashkilotimiz bu maktabni o‘tkazish uchun faqat besh yilga mablag‘i yetardi. Shunga qaramasdan, birodarlar kuchli imonni namoyon etib, bir ovozdan ushbu taklifga rozilik bildirishdi.
Gilad maktabining ilk talabalari ham, taqlid qilishga arziydigan imonni namoyon etishdi. Ular boriga qanoat qilib, pulparastlikdan xoli bo‘lishgan (Ibroniylarga 13:5, 6). Yaqinlari yo‘lkirani to‘lay olmasligini tushunib, ba’zilar uyidagilarni endi hech qachon ko‘rmaymiz, deb o‘ylashgan. Chindan ham, ulardan ko‘pchiligi tayinlangan hududda 10-15-yil xizmat qilgandan keyingina oilalari bilan diydor ko‘rishishgan. Nima bo‘lmasin, har galgidek Iso ularga hamda va ularning oila a’zolariga g‘amxo‘rlik qilishiga amin edilar (Ibroniylarga 13:8).
Gilad maktabini tugatishdan oldin chet elda qiyin sharoitlarda xizmat qilganlar bilan sodir bo‘lgan ba’zi voqealarni aytib bergach, Deyvid Spleyn talabalarga shunday dedi: «Sizlar, bundan 70-yil ilgari aziz imondoshlarimiz asos solgan ajoyib an’ananing davomchilarisiz... Qaerga tayinlanishingizdan qat’i nazar, xursandchilik ila Yahovaga xizmat qiling».
Deyvid Spleyn, nutqining yakunida ayni paytda Yahova Shohidlarining Qo‘shma Shtatlaridagi Baytilida xizmat qilayotgan 77 ta Gilad maktabi bitiruvchilarining suratlarini birma-bir namoyish qilib berdi. Ularning orasida 1943-yilda Gilad maktabining birinchi sinfini tugatgan ikkita talaba ham bor. Ushbu suratlar namoyish qilinayotganida, oxirgi 70-yil davomida Yahova Shohidlarining uchrashuvida qo‘yilgan musiqa yangrardi.
Bitiruvchilarga diplomlar taqdim etilgandan so‘ng, ulardan biri butun sinf nomidan minnatdorchilik xatini o‘qib berdi. Mark Sanderson, 70-yil o‘tishiga qaramasdan Neytan Norrning quyidagi so‘zlari haligacha o‘z kuchini yo‘qotmaganini aytdi: «Sizni qayerga tayinlashmasin, Shohlik xabarchisi ekaningizni yodda tuting; voizlik qilish va Armageddon kelguniga qadar Yahovaga hamdlar aytish, katta sharafdir. Chunonchi bunday sharaf Xudoning hamma ijodlariga ham nasib etmagan... Shohlik xabarchisi bo‘lish sharafini qadrlang hamda va’z qiling!»