Nima uchun Yahovaning Shohidlari urushga borishmaydi?
Yahovaning Shohidlari quyidagi sabablarga ko‘ra urushga borishmaydi:
Xudoga itoatli. Muqaddas Kitobda Xudoning xizmatchilari qilichlarini omochga aylantiradi va «jang qilishni boshqa o‘rganmaydi», deb aytilgan. (Ishayo 2:4)
Iso Masihga itoatli. Iso payg‘ambar Butrus ismli shogirdiga shunday degan: «Qilichingizni qiniga solib qo‘ying. Chunki qilich ko‘targanlarning hammasi qilichdan halok bo‘ladi». (Matto 26:52) Bu so‘zlar bilan Iso izdoshlari qo‘liga qurol olmasliklari kerakligini ko‘rsatgan.
Isoning shogirdlari siyosiy masalalarda qat’iyan betaraf bo‘lib, «dunyoga tegishli bo‘lmaslik» haqidagi amrga amal qilishadi. (Yuhanno 17:16) Ular harbiy xatti-harakatlarga qarshi chiqishmaydi yoki harbiy xizmatni o‘tashni xohlaganlarga to‘sqinlik qilishmaydi.
Odamlarni yaxshi ko‘rishadi. Iso izdoshlariga: «Bir-biringizni sevinglar»,— deb amr bergan. (Yuhanno 13:34, 35) Bu amrga amal qilgan holda, uning shogirdlari umumjahon birodarlikni tashkil qilib, hech qachon bir-biri bilan jang qilishmaydi. (1 Yuhanno 3:10–12)
Ilk masihiylarga taqlid qilishadi. Bir ensiklopediyada quyidagicha yozilgan: «Isoning ilk izdoshlari urushga borishdan va harbiy xizmatni o‘tashdan voz kechishgan. Ularning nuqtai nazari bo‘yicha, qotillik Isoning “dushmanlarni sevinglar” degan amriga zid». («Encyclopedia of Religion and War») Nemis ilohiyotshunos Peter Maynxold ilk masihiylar to‘g‘risida shunday fikr bildirgan: «Bir vaqtning o‘zida ham Isoning shogirdi bo‘lish, ham askar bo‘lish ilojsiz».
Foydasi bormi?
Yahovaning Shohidlari jamiyatga foyda keltiruvchi a’zolar bo‘lib, yashayotgan mamlakatida hech qanday xavf tug‘dirishmaydi. Ular hokimiyat xodimlarini hurmat qilishadi. Sababi, quyidagi Muqaddas Kitobdan keltirilgan amrlarga amal qilishadi:
«Har bir inson hukmron hokimiyatga bo‘ysunsin». (Rimliklarga 13:1)
«Podshohning haqini podshohga, Allohning haqini Allohga beringlar». (Matto 22:21)
Demak, ular qonunga itoat qilishadi, soliqlarni to‘lashadi va jamiyat foydasi uchun hokimiyat tomonidan uyushtirilayotgan tadbirlarga hissa qo‘shishadi.